Oʻzbekistondagi Payme nazorat paketini sotib olganlar pul yuvishda ayblanmoqda

16:21 26 Iyul 2019 Iqtisodiyot
368 0

Gruziya bosh prokuraturasi mamlakatdagi eng yirik bank hisoblangan TBC Bankʼning ikki nafar asoschisi Mamuku Xazaradze va Badri Japaridzeni noqonuniy daromadlarni legallashtirishda ayblamoqda. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Xabarga koʻra, Mamuku Xazaradze va Badri Japaridze ustidan 16,75 mln. dollardan ortiq miqdordagi noqonuniy daromadlarni legallashtirishda ayblash boʻyicha qaror kiritilgan. Bu bir guruh shaxslar tomonidan oʻta yirik miqdorda foyda koʻrish sifatida talqin etilmoqda.

Prokuratura TBC Bankʼning 2008-yildagi bank operatsiyalaridan birini oʻrganishi asnosida bu boradagi jinoyatni aynan TBC Bank Kuzatuv kengashi rahbari va uning oʻrinbosaridan gumon qilayotir.

Gruziya Milliy banki bosimi ostida ular oʻz lavozimlarini tark etishdi. Bu ularga oʻzlariga qarshi ayblovlardan himoyalanish uchun diqqatni jamlash imkonini ham berishi aytilgan.

Bank xabariga koʻra, endi Xazaradze va Japaridzening kompaniya kundalik boshqaruviga aloqasi yoʻq va TBC yoki uning boʻlimlariga qarshi hech qanday ayblov ilgari surilmaydi.

Xazaradze yaqinda fuqarolik harakatini tuzishni rejalashtirayotganini maʼlum qilgandi. Bu siyosiy partiyaga aylanishi mumkinligini taʼkidlagan tahlilchilar esa u va hamkasbiga qarshi ayblovlarni absurd deb atashgan.

“Bu bizga qarshi uyushtirilgan hujum, boz ustiga bu Gruziyadagi investitsiyaviy iqlimga zarar yetkazadi”, - dedi Xazaradze. U bank obroʻsi va investorlar ishonchi yoʻqolganini qoʻshimcha qildi. Sababi bank aksiyalari ushbu yangiliklar ortidan 11 foizga tushib ketgan.

Japaridze oʻz navbatida TBC Bank biror loyihasini toʻxtatishni rejalashtirmayotgani va odatdagidek faoliyat yuritishini bildirgan.

Maʼlumot uchun, shu yil aprel oyida TBC Bank Oʻzbekistondagi Payme nazorat paketini 5,5 mln. dollar evaziga sotib olgandi. May oyida kompaniya Oʻzbekistonda nega ilk raqamli bank ochish niyatida ekanligini tushuntirgan edi.

Eslatib oʻtamiz, TBC Bank Gruziyadagi yetakchi moliya muassasasi boʻlib, unga 1992-yilda asos solingan. 2014-yilda u London fond birjasiga kirdi. IPO doirasida 640 mln. dollarlik kapitallashuv bilan 240 mln. dollarni jalb etgan. TBC onlayn-banking xizmati Markaziy va Sharqiy Yevropada bir necha bor eng yaxshisi deb topilgan. 2018-yilda u Space nomli toʻliq raqamli bankni taqdim etgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?