Oʻzbekistondagi partiyalardan biri tomonidan OTMga qabul kvotasini bekor qilish taklifi kiritilmoqda

11:51 09 Sentyabr 2019 Jamiyat
55 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Oʻzbekiston “Adolat” SDPning maʼlum qilishicha, partiya joriy yil boʻlib oʻtadigan saylovlarga puxta tayyorgarlik koʻrmoqda. Xususan, ayni kunlarda partiyaning saylovoldi dasturi keng jamoatchilik oʻrtasida keng muhokama qilinyapti, koʻplab takliflar yigʻib olinmoqda.

“Adolat” SDPning qayd etishicha, shu kungacha bildirilgan fikrlar ekspertlar tomonidan umumlashtirilganda eng koʻp takliflar taʼlim sohasi boʻyicha bildirilgani maʼlum boʻldi. Xususan, oliy taʼlim muassasalariga kirishdagi muammolar, abiturentlar soni va qabul kvotalari oʻrtasidagi tafovutning kattaligi, xorijiy davlatlardagi sifati kafolatlanmagan muassasalarga yoshlarimiz oqimining ortayotgani kabi koʻplab fikrlar bildirildi.

Mazkur masalalarni eʼtiborga olgan holda Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi ekspertlari tomonidan tayyorlanayotgan saylovoldi dasturiga oliy taʼlim muassasalariga kirishni osonlashtirish, oliy maʼlumotlilar safini kengaytirish, korrupsiyani oldini maqsadida oliy taʼlim muassasalariga qabul kvotasini bekor qilish taklifi kiritilmoqda.

Taʼkidlanishicha, joriy yilda oliy taʼlim muassasalariga 1 million 66 ming 925 nafar abituriyent hujjat topshirdi. Shundan 102 ming 400 nafari oʻqishga qabul qilindi. Bu esa talabalikka faqatgina 9,6 foiz abituriyent qabul qilinganini koʻrsatmoqda.

“Ushbu tashabbus mohiyati faqat qulaylikka xizmat qilish bilan cheklanmaydi. Endi yoshlar talaba boʻlgunga qadar emas, oliy maʼlumot olishgacha boʻlgan vaqtda ham puxta bilim olishga intiladi. Oʻqishga kirish emas, oʻqish – oliy taʼlim dargohlarida bosqichdan bosqichga oʻtish va bitirish murakkablashtiriladi.

Hozirgi kunda insonlar orasida oliy taʼlim olishga ishtiyoq yuqori. Buni katta yoshlilar ham oʻqishga hujjat topshirayotganidan bilish mumkin. Shunday ekan, xalq istagini inobatga olish darkor. Imtihonda yetarli ball toʻplolmagan abituriyentlarga shartnoma asosida oʻqish imkoniyatini berishni taklif qilamiz. Yaʼni, davlat byudjeti asosida oʻqishga kirolmagan barcha abituriyentlar shartnoma toʻlovini toʻlash orqali talaba boʻlishlariga yoʻl berish kerak.

Bizda oʻqishga kirishda kvota ozligi, test savollarining ayrimlari murakkabligi va chalkashligi bois bir guruh yoshlarimiz xorijiy davlatlarda taʼlim olishni maʼqul koʻrmoqdalar. Bundan tashqari, oʻqishga kirishning qingʻir yoʻllarini izlash oqibatida korrupsiya avj olmoqda. Shuni inobatga olib, oʻz dasturida taʼlim sohasini ustuvor deb bilagan “Adolat” SDP oliy taʼlim qabulidagi kvotani yoʻqotish tarafdori.

Partiya Oliy taʼlim vazirligi bilan hamkorlikda 2020-yildan har bir oliy taʼlim muassasalariga davlat buyurtmasi asosida oʻqishga qabul qilish parametrlari aks etgan normativ hujjatlarni belgilash rejalashtirilgan. Natijada, oliy taʼlim muassasalari bosqichma-bosqich oʻzini oʻzi moliyalashtirishga oʻtishni taʼminlash hamda qabul kvotalarini bekor qilishga erishiladi” , - deyiladi ushbu partiya Ekspertlar guruhi xabarida.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?