“O‘zbekistondagi islohotlar mintaqa va dunyodagi o‘zgarishlarni jadallashtirishda muhim omildir”

08:33 20 Iyul 2018 Siyosat
229 0

Yurtimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlar keng jamoatchilik, xalqaro doira vakillari, ekspertlar, siyosiy institutlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlarining diqqat-e’tiborini tortmoqda.

Biz ayni paytda xizmat safari bilan Turkiya Respublikasining Istanbul shahrida bo‘lib turibmiz. Bu yerdagi tadbirlar, uchrashuvlar, taassurotlarga yo‘g‘rilgan materiallarni gazetamizning keyingi sonlarida berishni rejalashtirganmiz. Hozir esa respublikamizdagi islohotlarni izchil kuzatib, o‘z nashrlari, telekanallari, internet saytlarida faol yoritib borayotgan xorijlik jurnalistlarning fikrlarini sizlarga taqdim qilmoqdamiz.

Mert Go‘kxan KOCH,

“Hurriyet” gazetasi muxbiri:

— Davlatlarimiz rahbarlarining doimiy do‘stona muloqotlari, o‘zaro munosabatlardagi yaqinlik haqida gazetamiz sahifalarida muntazam maqolalar berib boryapmiz.

O‘zbekistonga o‘tgan yili borgan edim. Zamonaviy, tarixiy shaharlarini katta zavq bilan aylanganman. Mamlakatingizning ko‘hna yodgorliklari hamda biri-biridan go‘zal go‘shalari menda katta taassurot qoldirgan. Iqlimi ham o‘ziga xos. Yashillikka burkangan Toshkentning keng va ravon ko‘chalari, so‘lim xiyobonlari, umuman, shaharning go‘zalligi meni hayratga solgan. Yurtingizda tarixga, qadriyatlarni asrab-avaylashga bo‘lgan e’tibor har qachongidan kuchayganiga guvoh bo‘lgandim.

Prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan siyosat, islohotlar har qancha e’tirofga loyiq. Turkiya fuqarolariga 30 kungacha vizasiz tartib joriy qilingani juda katta yengillik bo‘ldi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida iqtisodiyot, turizm sohasidagi hamkorlik tobora mustahkamlanmoqda. Umuman, O‘zbekiston dunyoga ochilib borayotgani, turli davlatlar bilan aloqalarni yaxshilayotgani e’tiborga molikdir. Fursat tug‘ilsa, yana serquyosh diyoringizga borish, tarix hamda bugungi kun go‘zalliklaridan bahramand bo‘lishni istardim.

Munim OLAMOV,

Tojikiston Media-alyansi bosh kotibi, “Imruz News” gazetasi bosh direktori:

— Qayd etish joizki, 2005 yili tashkil qilingan Tojikiston Media-alyansi mamlakatda faoliyat yuritayotgan qator bosma hamda elektron ommaviy axborot vositalari, teleradiokanallar, mustaqil jurnalistlar va blogerlarning birlashmasi hisoblanadi.

Mazkur portal rahbari sifatida e’tirof etishni istardimki, bugun mintaqamizda shaxsiy maqsadlar hamda bir tomonlama manfaatlar o‘rnini keng ko‘lamli integratsiyalashuv jarayoni egallayotgani quvonchlidir. Bu, o‘z navbatida, Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zaro yaqinlashuviga, manfaatli hamkorlikning mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

Ta’kidlash joizki, zamonaviy bosqichda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ichki va tashqi siyosatda faollik ko‘rsatmoqda. Ayni chog‘da respublika jahon hamjamiyatining e’tiborini afg‘on muammosini tezroq hal etishga, ushbu mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga chorlayapti.

Shunga monand ravishda O‘zbekiston hamda Tojikiston munosabatlarida nihoyatda muhim ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi. Ko‘plab jiddiy muammolar, shu jumladan, davlat chegaralari, fuqarolarning o‘zaro safarlari va boshqa muhim masalalar bo‘yicha murosaga erishildi. Bu, o‘z navbatida, ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga sharoit yaratib, yigirma yildan ortiq davr mobaynida qo‘ldan chiqarilgan imkoniyatlarni qaytarishga xizmat qiladi.

Ushbu ijobiy voqea-hodisalar haqida nashrlarimizda har qancha ko‘p yoritsak, shuncha ozdek tuyilaveradi. Mana shunday qizg‘in jarayonlarni keng auditoriyaga yetkazishda o‘zbekistonlik hamkasblarimizga muvaffaqiyat tilayman.

Ermek KURЕNKЕYEV,

Qirg‘iziston Respublikasining “ElTR” davlat teleradiouzatish kompaniyasi muharriri:

— Qirg‘iz eli o‘zbek xalqi bilan bir daryodan suv ichib, qo‘ni-qo‘shnichilikda yashab kelgan. Keyingi ikki yil ichida O‘zbekiston hamda Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlar davlatlar rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli mustahkamlanmoqda. Odamlar hayotdan rozi bo‘lib yashashlari uchun qilinayotgan sa’y-harakatlar, albatta, ijobiy samaralar beradi.

Prezidentimiz Sooronbay Jeenbekov davlat rahbari sifatidagi ilk xorijiy tashrifini aynan O‘zbekistonga amalga oshirgani zamirida ham katta ma’no bor. Bugun har ikki xalqning yoshu keksasi o‘zlariga yaqin, oddiy odamlarning dardu tashvishlarini his etgan holda olib borilayotgan siyosat amaliy natijalar berayotganini e’tirof qilyapti. Do‘stlik rishtalarining mustahkamlanib borishi hamisha ezgulik olib kelganini ko‘pni ko‘rgan yurt kayvonilari, elboshilari, oqsoqollari eldosh-qavmdoshlariga yetkazishdi.

Ayni paytda O‘zbekistondagi xalq manfaati yo‘lidagi sa’y-harakatlar keng quloch yoymoqda. Butun Markaziy Osiyo bo‘ylab O‘zbekistonning ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy hamda madaniy hayotidagi ulkan o‘zgarishlar, voqea va yangiliklar tezkorlik bilan tarqalayotgani, o‘zbek OAV qisqa vaqt ichida mintaqada o‘z auditoriyasini shakllantirishga ulgurgani mamlakatingizda mehnat qilayotgan jurnalistlar, ommaviy axborot vositalarining bu jarayonlarda naqadar faol ishtirok etayotganini ko‘rsatib turibdi.

Qabit BЕKЕNBAY,

Qozog‘iston Respublikasining “Qazaqstan” davlat telekanali muharriri:

— Qozoq hamda o‘zbek xalqlarining qavmu qarindoshlik, do‘stu birodarlik munosabatlari tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Endilikda Qozog‘iston va O‘zbekiston davlatlari o‘rtasidagi do‘stona qo‘shnichilik hamda strategik hamkorlik tili, dini, urf-odati, adabiyoti va madaniyatlari mushtarakligiga tayangan holda izchil ravnaq topmoqda.

O‘zbekistonda kechayotgan ijobiy o‘zgarishlardan yaxshi xabardormiz. Prezident Shavkat Mirziyoyev ko‘p xayrli ishlarni boshladi. Ayniqsa, yaqin qo‘shni davlatlar bilan bordi-keldi munosabatlari ijobiy yechim topdi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar barcha sohada rivojlanmoqda. Prezidentimiz Nursulton Nazarboyev hamda O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev doimo muloqotda bo‘lib turishadi.

Joriy yilda Qozog‘istonda O‘zbekiston yili keng nishonlanmoqda. Bu yo‘nalishda yurtimizda O‘zbekistonga bog‘liq juda ko‘plab tadbirlar, anjumanlar, bayram kechalari uyushtirilyapti. Ularda ishtirok etib, zavq olyapmiz. Kelgusi yilda esa O‘zbekistonda Qozog‘iston yili o‘tkaziladi.

Bugun ko‘pchilik davlatlar, xalqlar O‘zbekistondagi yangilanishlarga havas bilan boqmoqda. Tilagimiz xalq manfaati yo‘lidagi bu islohotlar jadal davom etaversin!

Xalq so‘zi” muxbiri Omonulla FAYZIYEV yozib oldi.

Turkiya, Istanbul


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?