Oʻzbekistondagi ilk pulli trassa qayerda qurilishi maʼlum qilindi

11:34 12 Sentyabr 2018 Jamiyat
2556 0
Illyustrativ foto

Oʻzbekistonda ilk pulli avtomobil trassasi Toshkent va Samarqand oʻrtasidagi masofani ikki soatga qisqartiradi.

Yaqinda Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasida qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Laziz Qudratov boshchiligida Turkiyaning Cengiz – Kolin — Kalyon kompaniyalar konsorsiumi bilan birinchi ishchi uchrashuv tashkil etildi.

Qoʻmita matbuot xizmati xabariga koʻra, muzokaralarda davlat-xususiy sherikchilik tamoyili asosida “Toshkent – Samarqand” yoʻnalishi boʻylab yoʻl qurilishi loyihasini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Maʼlumot uchun, mazkur tashabbus turk investorlari tomonidan taqdim etilgan loyihalar portfelidan joy olgan boʻlib, Turkiya rahbari Rejep Tayyip Erdogʻanning shu yil yurtimizga amalga oshirgan rasmiy tashrifi chogʻida imzolangandi.

Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston tomonidan rasmiy sherik sifatida ishga kirishadi.

Loyihani ishlab chiqishda magistralni yashash hududlaridan uzoqroqdan olib oʻtish, yaylov va qishloq xoʻjaligi hududlari hamda atrof muhitga minimal taʼsir qilishni inobatga olish masalasi ham koʻrib chiqildi.

Bunyodkorlik ishlarini 2019-2020 yillarda amalga oshirish rejalashtirilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?