Oʻzbekistondagi eng katta harbiy poligon foydalanishga topshirildi

11:43 07 Noyabr 2019 Jamiyat
123 0

Oʻzbekiston Respublikasidagi eng katta poligon – Markaziy harbiy okrugga qarashli “Kattaqoʻrgʻon” dala-oʻquv maydoni foydalanishga topshirildi.

Ushbu dala-oʻquv maydonining ochilish marosimida mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov, Qurolli Kuchlar bosh shtabi boshligʻi general-mayor Pavel Ergashev, Markaziy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Oybek Saidov, “Oʻzbekiston Qahramoni”, Nuroniy jamgʻarmasi Samarqand viloyati boʻlimi raisi Hasan Normurodov, faxriylar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, tumandagi maktab oʻquvchi yoshlari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Dala-oʻquv maydoni chinakam maʼnoda askar akademiyasidir. Chunki poligonda harbiy xizmatchi nazariy bilimlarini amaliy sinovdan oʻtkazadi. Shu bois, Vatan himoyachilarining ham maʼnan, ham ruhan, ham jismonan tayyorgarligi oshishida, jangovar shayligining rivoj topishida poligonlarning oʻrni muhimdir.

Tantanali marosimda soʻz olgan mudofaa vaziri dala-oʻquv maydoni qurilishida jonbozlik koʻrsatgan harbiy xizmatchilarga oʻzining samimiy minnatdorchiligini bildirdi. Albatta, bu kabi poligonlar yurtimiz himoyasi uchun bel bogʻlagan asl oʻgʻlonlar uchun malaka va tajriba orttirish maydoni boʻlishini taʼkidladi.

Shundan soʻng poligon qurilishida oʻzining vatanparvarligini, yurtsevarligini koʻrsatgan bir guruh harbiy xizmatchilar mudofaa vaziri tomonidan qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi. Shuningdek, dala-oʻquv maydoni infratuzilmasini bunyod etgan qurilish tashkilotlari vakillariga toʻn kiygizildi.

Ochilish marosimidan keyin mudofaa vaziri general-mayor B. Qurbonov boshchiligida zamonaviy dunyo talablariga mos keladigan oʻquv sinflari, tibbiyot punkti, yotoqxonalar, oshxona, sport zali, madaniyat markazi hamda jangovar texnikalar va avtomobillar turarjoylari koʻzdan kechirildi. Askar va ofitserlar oshxonasi koʻzdan kechirilayotgan pallada uning bugungi kunda shahar markazlarida urf boʻlgan “Milliy taomlar”dan kam emasligi alohida taʼkidlandi.

Poligon infratuzilmasidan soʻng navbat dala-oʻquv maydonini nazardan oʻtkazishga keldi. Oʻzbekistondagi eng katta poligon chindan ham dunyo standartlariga toʻla-toʻkis javob beradi. Unda bir vaqtning oʻzida barcha turdagi jangovar texnikalarni qoʻllagan holda oʻquv - mashgʻulotlarini olib borish imkoniyati yaratilgan.

Shuning oʻzi ham uning boshqa poligonlardan alohida ajralib turishini taʼminlaydi.

Oʻtkazilgan amaliy oʻquv mashgʻulotlarida harbiy xizmatchilar zamonaviy poligonda yaratilgan oʻquv joylarida bilim va koʻnikmalarini namoyish qilishdi.

Islomjon QOʻCHQOROV, Mudofaa vazirligi Axborot va
ommaviy kommunikatsiyalar departamenti


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?