Oʻzbekistondagi eng katta avtomobil bozori ish boshladi

15:17 08 Iyul 2019 Iqtisodiyot
548 0

Foto: "Xalq so'zi"

Andijon viloyatining Xoʻjaobod tumanidagi Xidirsha qishlogʻida yangi avtomobil bozori ish boshladi.

- Savdo majmuasi yer maydoni va quvvati jihatidan mamlakatimizdagi eng katta avtomobil bozori hisoblanadi, - deydi viloyat bozorlari va savdo komplekslari uyushmasi raisi Xotamjon Mamarasulov. - 8 gektardan iborat bozorning 6 gektarini avtomobil sotish maydoni tashkil etadi. Bir vaqtning oʻzida 4 mingdan ortiq transport vositalarini qamrab olish quvvatiga ega. Xaridorlar uchun 150 ta ehtiyot qismlari savdosi bilan shugʻullanuvchi savdo doʻkonlari, tamaddixonalar va ustaxonalar xizmati yoʻlga qoʻyilgan. Shu yerning oʻzida barpo etilgan “Andijon avtotexxizmat” OAJ avtosalonidan yangi mashina sotib olish imkoni ham mavjud.

Olti oy vaqt mobaynida 20 milliard soʻm mablagʻ evaziga qad rostlagan ushbu savdo majmuasida har bir avtomobil elektron kamera orqali hisobga olinadi. Shundan soʻng u qancha vaqt davomida va qancha narxga sotilganligi tabloda oʻz aksini topadi. Bu esa xaridorlarga bozordagi narx toʻgʻrisidagi aniq maʼlumotga ega boʻlish imkonini beradi.

Andijon viloyatida shu paytgacha avtomobil bozori faoliyat koʻrsatib kelgan. Shunday ekan, yangi bozorning eskisidan qanday afzalliklari bor? Aytish joiz, eski avtomobil bozori Andijon shahrining Bogʻishamol dahasida joylashgan boʻlib, umumiy maydoni 3 gektarni tashkil etgan. Shundan 2 gektarida 400 ga yaqin savdo doʻkonlari xizmat koʻrsatar, avtomobil sotish maydoni esa atigi 80 sotixdan iborat boʻlgan. Bu esa, oʻz navbatida, 600 ta transport vositalari savdosini tashkil etish imkonini bergan, xolos.

Foto: "Xalq so'zi"

Mingdan ortiq transport vositalari esa koʻcha savdosiga chiqib, sunʼiy tirbandliklarni keltirib chiqargan. Qolaversa, katta halqa yoʻlidagi yoʻlovchilarga, ayniqsa, hududda yashovchi aholiga noqulayliklar tugʻdirgan. Koʻcha savdosi tufayli kuniga 14 million soʻm, yiliga esa 1,5 milliard soʻm mablagʻ davlat gʻaznasiga tushmagan. Demak, yangi bozor tadbirkor va xaridorlar uchun keng imkoniyatlar yaratibgina qolmasdan, viloyat iqtisodining yuksalishiga ham xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?