Oʻzbekistondagi eng baland gidrotexnika inshooti barpo etilmoqda

17:28 27 May 2019 Jamiyat
522 0

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

Pskom daryosi toʻliq mamlakatimiz hududida shakllanadigan yirik suv oʻzanlaridan biri hisoblanadi. Biroq Chotqol va Koʻksuv daryolari qoʻshilishidan hosil boʻlgan ushbu qayta tiklanuvchi energiya manbai hali yetarlicha oʻzlashtirilmagan. Shu bois “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan daryoning yuqori qismida ulkan gidrotexnika inshooti bunyod etilmoqda.

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

Mutaxassislarning aytishicha, “Chorvoq” gidroelektr stansiyasidan qariyb 50 kilometrda tepalikda bunyod etilayotgan “Pskom” suv omborining toʻgʻoni 195 metrni tashkil etadi. Bu mamlakatimizdagi eng baland toʻgʻon, deganidir. Inshootning eni ham, boʻyi ham 1000 metrga choʻzilib, 520,8 million kub metr suv sigʻimiga ega boʻladi. Natijada inshoot qoshida ishga tushiriladigan “Pskom” gidroelektr stansiyasini toʻliq suv bilan taʼminlaydi. Negaki, undan olinadigan samarali suv hajmi 486,5 million kub metrga yetadi.

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

Ayni paytda Boʻstonliq tumanining Kurduxtar qishlogʻida qurilish ishlari jadal davom ettirilmoqda. Bunda ish vaxta usulida uch smenada tashkil etilib, 3000 nafar quruvchi va mutaxassislar, Janubiy Koreya, Xitoy, Turkiya, Ukraina, Belarus Respublikalaridan keltirilgan 280 ta zamonaviy texnika vositalari jalb etilgani ayni muddao boʻlmoqda. Masalan, kran 75 tonnagacha yuk koʻtarsa, “BelAZ” ogʻir yuk mashinalari 45 tonna yuk tashishga moʻljallangan. Burgʻilash texnikalari esa portlatishsiz togʻ jinslarini teshib oʻta oladi.

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

— Bunday texnikalar beshta boʻlib, shulardan bittasini men boshqaryapman, — deydi burgʻilash kombayni boshqaruvchisi Rustam Avezov. — U Ukrainada yigʻilgan boʻlsa-da, tishlari Germaniyada ishlab chiqarilgan. Juda mustahkam. Ortiqcha qiyinchiliklarsiz toshli qatlamlarni ham yorib, kuniga oʻrtacha 7-7,5 metr lahm kovlayapmiz.

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

Taʼkidlash kerak, GES “Gidroproyekt” aksiyadorlik jamiyatining yuqori malakali mutaxassislari tomonidan loyihalashtirilayotir. Uning qurilishga 2018-yilda geologiya-qidiruv ishlari bilan bir paytda kirishilgan edi. Natijada bugungi kunga qadar 24 kilometrlik avtomobil yoʻli, 200 dan ortiq texnikalarga xizmat koʻrsatadigan avtojamlanma, ishchilar uchun yotoqxona qurildi. Shuningdek, 1800 metrlik tunnelning 1700 metri qazib boʻlindi.

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

— Tunnel bir paytning oʻzida ikki tomondan qazib kelinayotgani tufayli ish surʼati tezlashib, oʻrtadagi 100 metrlik masofa qoldi, xolos, — deydi “Toʻpalang HPD Water Constuctions” davlat unitar korxonasi rahbarining ishlab chiqarish boʻyicha oʻrinbosari Amondulla Shukurov. — Uni ham tez orada yorib oʻtib, tunnellarni birlashtiramiz.

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

Togʻning chamasi 80-100 metr ostidagi tunnel ichiga kiramiz. Mahobatli inshootga boqib, quruvchilarimizning mahoratiga lol qolamiz. U xuddi yer osti yoʻllarini eslatadi. Keng va yorugʻ. Ulkan yuklagich bemalol harakatlanib, toʻplangan togʻ jinslarini yuk avtomobillariga ortadi. Shundan soʻng ishchilar yerga beton yotqizadi.

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

Bizga hamrohlik qilayotgan “Toʻpalang HPD Water Constuctions” davlat unitar korxonasi bosh muhandisi Rajabali Sharipovning aytishicha, tunnel oʻta mustahkam qilib qurilmoqda. Burgʻilangan qismida togʻ bosimi hisob olingan holda, 40 santimergacha temir-beton ishlari peshma-peshma bajarilyapti.

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

— Tunnel toʻliq qazib boʻlingach esa ichiga diametri 6,5 metr, qalinligi 20 millimetrga teng poʻlat quvur yotqizilib, uning atrofiga yana 65 santimetr beton quyilib, mustahkamlanadi, — deydi u. — Uning tugagan qismida, koʻrib turganingizdek, Suv chiqarish inshooti binosi qurilyapti. Hademay, ular bitgach, daryo suvi tunnel orqali oʻtkazilib, suv ombori qurishga kiramiz.

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

Suhbatdoshlarimizning aytishicha, maydoniga tutash joyda koʻchma shagʻal saralash hamda beton qorish zavodlari qurilganidan soʻng ish jaddallashib ketdi. Eng muhimi, beton tannarxi 30-40 foiz arzonlashdi. Negaki, ilgari qum va shagʻal 90 kilometr olis masofadan olib kelinardi. Endi bunga hojat qolmadi. Shu yerdagi karyerdan olinayotgan shagʻal saralanib, soatiga 200 tonna qurilish ashyosi ishlab chiqarilmoqda. Oʻz, navbatida, u tutash zavodga uzatilib, soatiga 100 kub metr beton qorilmoqda. Pirovadida qisqa davr ichida jami 50 ming kub temir-beton, 10 million kub metr yer ishlari bajarishga muvaffaq boʻlindi.

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

404 MVtlik “Pskom” GES hali Ugom-Chotqol togʻlari bagʻridagi ulkan bunyodkorlik ishlarining boshlanishi, xolos. Pskom daryoning yuqori va quyi qismida yana ikkida GES qurilishi moʻljallangan boʻlib, ularning umumiy quvvati 450 MVtga teng boʻladi. koʻplab doimiy ish oʻrinlari yaratiladi. Shu jihatlar inobatga olinib, energetiklar uchun shaharcha barpo etish saʼy-harakatlari boshlab yuborildi.

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

Hademay, bu soʻlim maskanda zamonaviy turajoylar, bolalar bogʻchasi, maishiy xizmat koʻrsatish va boshqa infratuzilma obyektlari tiklanib, foydalanishga topshiriladi. “Pskom” GES esa 2026-yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan boʻlib, u yurtimizda ekologik toza va arzon elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini oshirish, Toshkent viloyati aholisi hamda iqtisodiyot tarmoqlarini ushbu resurs bilan barqaror taʼminlash imkonini beradi.

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.
Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.
Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

Said RAHMONOV, “Xalq soʻzi”.

Hakim YOʻLDOSHEV olgan suratlar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?