O‘zbekistondagi bolalar uylarida videokuzatuv kameralari o‘rnatiladi

12:47 05 Iyul 2018 Jamiyat
197 0

Marg‘ilondagi mehribonlik uyi va Toshkent viloyatidagi maktab-internetda sodir bo‘lgan voqealardan so‘ng mamlakatning barcha bolalar uylarida videokuzatuv kameralari o‘rnatiladi.

“Bu, albatta, juda yomon holat. Prokuratura bu ikki ishni alohida nazoratga olgan. Bundan tashqari, respublikadagi barcha bolalar uylari va internatlarda nazorat kuchaytirildi. Rasmiy tekshirishlar boshlandi, deya olmayman, ammo yuqori tashkilotlar bunday muassasalarga e’tiborni kuchaytirishdi”,- deya izoh berdi bunga Bosh prokuratura Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Surayyo Rahmonova.

Ayni damda boshqa bolalar muassasalarini tekshirish ishlari ham boshlangan. Tashkilot vakilining ta’kidlashicha, tekshiruvlar natijasida bu kabi holatlar aniqlanmagan.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi 78-ixtisoslashtirilgan maktab-internat mansabdor shaxslari bola yo‘qolganini yashirish va 16 yoshga to‘lmagan ba’zi tarbiyalanuvchilar noma’lum shaxslar tomonidan g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilinishi uchun sharoit yaratib berganida ayblangandi.

O‘tgan yil dekabr oyida esa Marg‘ilondagi 1-sonli mehribonlik uyi rahbariyati va xodimlari davlat va xalqaro tashkilotlar tomonidan ajratilgan mablag‘larni talon-taroj qilishda ayblanayotgani, shuningdek, tarbiyalanuvchilarga nisbatan jinsiy va jismoniy zo‘ravonlik ishlatishda gumon qilinayotgani haqida xabar berilgandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?