Oʻzbekistondagi AQSH savdo palatasi aʼzolari bilan onlayn-konferensiya boʻlib oʻtdi

04:00 23 May 2020 Siyosat
86 0

Yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyevning Oʻzbekistondagi AQSH savdo palatasi aʼzolari bilan onlayn-suhbati boʻlib oʻtdi.

Videokonferensiyada 30 kishi, shu jumladan diplomatik missiyalar, biznes doiralar va xalqaro universitetlar vakillari, AQSHning yetakchi yuridik va konsalting firmalari rahbarlari ishtirok etdi.

Videokonferensiya ishtirokchilari Oʻzbekistonda keyingi uch yilda Prezident Sh.M. Mirziyoyev rahbarligida davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini isloh qilish boʻyicha ulkan ishlar amalga oshirilganligini alohida taʼkidladilar. Bu yoʻnalishda erishilgan muvaffaqiyatlar xalqaro hamjamiyatning, shu jumladan tadbirkorlarning Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilishga qiziqishi ortishiga turtki berdi.

Uchrashuvda ishtirokchilar Oʻzbekistonda COVID-19 virusi tarqalishiga qarshi koʻrilgan choralardan xabardor etildi. Bunda pandemiya davrida hukumat tomonidan aholini va tadbirkorlarni hukumat tomonidan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha inqirozga qarshi qator chora-tadbirlar samaradorligiga eʼtibor qaratildi.

Mamlakatimizda investitsiya muhitini erkinlashtirish dasturi va AQSH tadbirkorlari bilan savdo-iqtisodiy hamkorlik ustuvorligi muhokamaning asosiy mavzusi boʻldi. Oʻzbekiston Respublikasi parlamenti tomonidan qonunchilik-huquqiy asoslarni takomillashtirish va investitsiya huquqini meʼyoriy tartibga solish samaradorligini yaxshilash boʻyicha faol ishlar olib borilayotganligi taʼkidlandi. Mazkur yoʻnalishlarda qabul qilingan toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir koʻrsatadigan qonunlar mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilashga va tadbirkorlikning barcha shakllarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Taʼkidlanganidek, soʻnggi yilda Jahon bankining va Xalqaro moliyaviy korporatsiyaning “Biznes yuritish” yillik hisobotida mamlakatimiz 7 pogʻonaga yuqoriladi va korxonalarni roʻyxatdan oʻtkazish, kontraktlar ijrosini taʼminlash, minoritar investorlarni himoya qilish kabi koʻrsatkichlar yaxshilandi. Bu, oʻz navbatida, qator rivojlangan industrial mamlakatlardan oʻzib ketish imkonini berdi. Shu munosabat bilan ishtirokchilar qurilishga ruxsat olish, mulkchilikni roʻyxatdan oʻtkazish kabi muammoli indikatorlar boʻyicha Oʻzbekiston oʻrnini yaxshilash maqsadida vazirliklar va idoralarda maxsus ishchi guruhlar tashkil etilganligidan xabardor etildi.

Shuningdek, uchrashuvda Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qoʻshilishi yuzasidan AQSH tomoni bilan hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama etildi. Shu munosabat bilan bu yoʻnalishda tomonlarning hamkorligini yana-da chuqurlashtirish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.

Mazkur uchrashuv mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan AQSHning yetakchi kompaniyalari vakillariga tadbirkorlik muhitini va ikki tomonlama hamkorlikni yaxshilashga qaratilgan qator takliflarni bildirish imkonini berdi. Xorijiy hamkorlar tomonidan parlament nazoratiga olingan aniq masalalar koʻtarilganligini alohida qayd etish muhim.

Ishtirokchilar bunday uchrashuvlar hamkorlarga axborot yetkazish, shuningdek qonun chiqaruvchi organlar va Oʻzbekistonda faoliyat koʻrsatayotgan xalqaro biznes tuzilmalari oʻrtasida muloqotni qoʻllab-quvvatlash imkonini berishini taʼkidladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?