O‘zbekistonda juda nodir bo‘lgan foydali qazilmani qayta ishlashga kirishiladi

16:13 24 Iyul 2018 Iqtisodiyot
417 0
Illyustrativ foto

Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi va IFG Capital Partners kompaniyasi o‘rtasida O‘zbekistondagi Yaxton volfram konini qazib olishning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha bitim imzoladi.

Bu haqda Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan ma’lum qilindi.

“Agar tadqiqotlar ijobiy bo‘lsa, IFG mazkur volfram konini sanoat yo‘li bilan o‘zlashtirishni tashkil etadi. Mazkur kompaniya dastlabki bosqichga zudlik bilan kirishishni mo‘ljallayapti. Bu burg‘ulash ishlarini ham o‘z ichiga oladi. Shu asosda mavjud zaxiralar tasdiqlab olinadi, rudani qayta ishlashning optimal ssenariysi aniqlanishi uchun metall tekshiruvlar o‘tkaziladi”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, Yaxton Samarqand viloyati Urgut shahri yaqinida joylashgan volfram konidir. Bu yerda volfram uch oksidining sezilarli zaxirasi (20 tonnadan ziyod) mavjud deya taxmin qilinadi.

Xabarga ko‘ra, Yaxton zamonaviy qayta ishlash korxonasi bazasida alohida kam rentabelli konlarni bir joyga to‘plash yo‘li bilan O‘zbekistondagi volfram klasterini yaratish bo‘yicha birinchi qadamga aylanadi.

Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi raisi Bobir Islomov bu borada erishilgan kelishuvga izoh berar ekan, O‘zbekiston mineral resurslarga boy ekanligi, volfram sanoati esa uzoq vaqt foydalanilmay kelingan javohir ekanligini ta’kidladi.

IFG va IFG Metals and Mining boshqaruvchi sherigi Olga Ponkratovaning aytishicha, kompaniya O‘zbekiston volfram sanoati tiklanishida ishtirok etayotganidan xursand va mamlakatni nafaqat dunyoda volfram ishlab chiqaruvchilardan biriga, balki investitsiyalar uchun jozibali joyga aylantirish uchun ko‘mak berishga tayyor.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?