Deputatlar Davlat dasturining birinchi chorakdagi ijrosini koʻrib chiqdilar

19:21 23 Aprel 2020 Siyosat
419 0

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisi onlayn formatda — videokonferens aloqa tarzida boʻlib oʻtdi.

Unda dastlab Vazirlar Mahkamasining 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2020-yil birinchi chorakdagi ijrosi koʻrib chiqildi.

Soʻnggi yillarda iqtisodiyot tarmoqlarida amalga oshirilgan tarkibiy oʻzgartirishlar, islohotlar hamda oʻz vaqtida koʻrilgan amaliy chora-tadbirlar hisobot davrida makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlashda muhim omil boʻlgani taʼkidlandi.

Hisobotga koʻra, 2020-yilning I choragida yalpi ichki mahsulot oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 4,6 foizga oʻsishi kutilmoqda.

Xitoy Xalq Respublikasida aniqlangan, soʻngra dunyoning koʻplab mamlakatlariga tarqalgan koronavirus pandemiyasi sababli, iqtisodiyot tarmoqlaridagi oʻsish surʼatlari sekinlashdi. Prezidentimiz rahbarligida Hukumat tomonidan joriy yilning hisobot davrida koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish va boshqa global xavf-xatarlar davrida iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarining uzluksiz ishlashini taʼminlash, tashqi iqtisodiy faoliyatni ragʻbatlantirish, aholini samarali ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, mamlakat aholisi daromadlari keskin pasayib ketishining oldini olish yuzasidan qator choralar koʻrildi.

Xususan, mamlakat rahbarining tegishli Farmoniga asosan, Moliya vazirligi huzurida 10 trillion soʻm miqdoridagi Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi tashkil etildi.

Mazkur mablagʻ, davolash va boshqa muassasalarni zarur dori vositalari va tibbiy buyumlar, himoya vositalari va test tizimlari bilan taʼminlash, shaxslarni karantinda saqlash bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash, tibbiyot xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish, qoʻshimcha infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, kam taʼminlangan oilalarni qoʻllab-quvvatlash, davlat kafolati ostida jalb etilgan kreditlarni soʻndirish va foizsiz byudjet ssudalari ajratish, tashqi savdo faoliyatini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlari transport xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish kabi tadbirlarga yoʻnaltirilmoqda.

Qayd etilganidek, joriy yilning birinchi choragida kreditlash hajmlari oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 16 foizga oshib, jami 30 trln. soʻm miqdorida kreditlar ajratildi.

Mamlakatimizda pandemiya fonida turizm xizmatlarini koʻrsatish hajmi esa keskin pasaydi. Xususan, 2019-yilning yanvar-mart oylarida 1 380 ming nafar xorijiy fuqaro tashrif buyurgan boʻlsa, 2020-yilning I choragida tashrif buyuruvchilar oqimi 12 foizga kamaydi.

Majlisda deputatlar tomonidan bugungi murakkab sharoitda sogʻliqni saqlash tizimini yana-da qoʻllab-quvvatlash, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratish zarurligi taʼkidlab oʻtildi.

Shuningdek, pandemiya sharoitida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, aholi oʻz tomorqalaridan samarali foydalana olishi uchun ularga har tomonlama koʻmaklashish, fuqarolarga koʻchatlar, mineral oʻgʻitlar yetkazib berishdagi, kredit olishdagi muammolarni hal qilish yuzasidan bir qator takliflar berildi.

Deputatlar joriy yilning ikkinchi choragida Davlat dasturining ijrosi ustidan tizimli ravishda monitoring oʻrnatish, parlament nazoratining barcha shakllaridan unumli foydalanish lozimligini qayd etishdi. Aholi farovonligini yana-da yaxshilash borasidagi tadbirlarning samarali amalga oshirilishi zarurligi taʼkidlandi. Ayni masalalar yuzasidan ham deputatlarning Hukumatga taklif va tavsiyalari bildirildi.

Qizgʻin va amaliy ruhda kechgan oʻzaro savol-javoblardan soʻng, Hukumat hisoboti maʼlumot uchun qabul qilindi.

Ziyoda ASHUROVA(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?