Oʻzbekistonda jinoyatchilik 22 ming 974 taga yoki 34,9 foizga kamaydi

15:00 21 Dekabr 2018 Jamiyat
694 0

Qutbiddin Burhonov, Foto: OʻzA

Joriy yilning 11 oyi davomida davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar natijasida jinoyatchilik oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 22 ming 974 taga yoki 34,9 foizga kamayishiga erishildi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi boshligʻi Qutbiddin Burhonov. OʻzAga maʼlum qildi

Shundan, oʻta ogʻir turdagi jinoyatlar 850 taga, ogʻir jinoyatlar 1 ming 764 taga, uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlar 8 ming 494 taga, qasddan badanga ogʻir tan jarohati yetkazish holatlari 210 taga, nomusga tegish va suiqasd qilish 153 taga, talonchilik jinoyatlari 432 taga, bosqinchilik 155 taga, oʻgʻirlik 4 ming 559 taga, firibgarlik 3 ming 79 taga, bezorilik 700 taga, tovlamachilik 92 taga, odam savdosi bilan bogʻliq jinoyatlar 160 taga kamaydi.

Soha faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida, barcha shahar-tumanlarda ichki ishlar organlari boshliqlarining yoshlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimi joriy etildi. Bu tuzilma yoshlarni qonunga itoatkorlik ruhida tarbiyalash, aholining huquqiy madaniyatini muntazam ravishda yuksaltirib borishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Ushbu amaliyot natijasida joriy yilning yanvar-noyabr oylarida voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 455 taga yoki 37 foizga kamayishiga erishildi.

Tizim faoliyatini aholiga yaqinlashtirish maqsadida, joylarda huquqbuzarliklar profilaktikasi yoʻnalishiga tegishli tayanch punktlari qayta isloh qilinib, ularning soni 4 ming 853 taga yetkazildi. Prezidentimiz tashabbusi bilan profilaktika inspektorlari bevosita xizmat olib borayotgan hududlarida xizmat uy-joylari va uzoq muddatli imtiyozli kredit asosida shaxsiy avtomashinalar bilan taʼminlandi.

Mahallalarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan faoliyat kuchaytirilgani tufayli joriy yilning 11 oyida 9 ming 15 mahallaning 27,9 foizida umuman jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmadi.

Fuqarolarga qulayliklar yaratish maqsadida, vazirlik tizimida yagona “1102” qisqa raqamli “ishonch telefoni” joriy etilib, fuqarolarning barcha murojaatlari yuzasidan qonuniy choralar koʻrib borilmoqda.

IIVda tuzilgan yangi tarkibiy qism – Xavfsiz turizmni taʼminlashni muvofiqlashtirish xizmati tomonidan turistlar koʻp tashrif buyurayotgan Buxorodagi 105, Samarqanddagi 94, Qashqadaryodagi 15 va Xorazm viloyatidagi 14 obyektda sayyohlar oqimidan kelib chiqqan holda xavfsizlikni taʼminlash choralari koʻrilayotir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?