Oʻzbekistonda jahon chempionatlari, Yevropa Chempionlar ligasi uchun futbol toʻplari ishlab chiqariladi

18:22 24 Iyul 2019 Sport
506 0

Oʻzbekistonda FIFA tasnifidagi jahon chempionatlari va UEFA Chempionlar ligasi oʻyinlari uchun futbol toʻplari ishlab chiqariladigan zavod ochiladi. Bu haqda mamlakatimizning Pokistondagi elchisi Furqat Sidiqov va Forward Group kompaniyasi egasi Xvaj Maʼsud Axtar oʻrtasida boʻlib oʻtgan muzokaralarda maʼlum qilindi, deb xabar berdi TIV matbuot xizmati.

Taʼkidlash joiz, Forward Group sport tovarlari, asosan, futbol toʻplari tayyorlaydi. Ushbu brend 2014 va 2018-yillardagi jahon chempionatlari, qolaversa YECHL uchun rasmiy va yagona toʻp yetkazib beruvchi boʻlgan. Shuningdek, qoʻl toʻpi, voleybol koptoklari, sport sumkalari ishlab chiqariladigan zavodlarga ega. Ayni chogʻda zamonaviy tibbiy jarrohlik vositalarini ham ishlab chiqaradi.

Uchrashuv davomida Xvaj Masʼud Axtar, umuman olganda, kompaniya “nou-xau”lar, texnologiyalar mahfiyligini taʼminlash, tovarlarning yuqori sifatini saqlab qolish maqsadida xorij davlatlarida investitsiyaviy faoliyat olib bormasligini qayd etdi.

Shunga qaramay, Forward Group Oʻzbekistonning iqtisodiy salohiyatini inobatga olgan holda aynan bizning mamlakatda birinchi investitsiyaviy loyihasini amalga oshirishga qaror qildi. Oʻzbekistonda MDH va Yevropa makonida muqobili yoʻq boʻlgan zamonaviy korxonani tashkil etish uchun 2017-2019-yillarda ulkan ishlar amalga oshirildi. Ushbu zavod Andijonda qad rostlaydi.

Qoʻshma korxoaning ishlab chiqarish salohiyati oyiga 3000 ta toʻpga teng. Yurtimizga olib kelingan asbob-uskunalar oʻz yoʻnalishida yagonadir va tijorat siri hamda intellektual mulkning qimmatbaho obyektlari hisoblanadi.

Elchi bilan suhbat chogʻida ushbu loyihaning toʻliq roʻyobga chiqarilishi Oʻzbekistonning investitsiyaviy imijini nafaqat Pokistondagi, balki boshqa davlatlardagi yirik kompaniyalar koʻz oʻngida yanada mustahkamlashi alohida eʼtirof etildi. Xususan, UEFA, FIFAning jahon miqyosidagi va boshqa nufuzli futbol turnirlari uchun “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” brendi ostida toʻplar ishab chiqarish respublikamiz iqtisodiyoti sifati va sanoat salohiyatini namoyon etadi.

Muloqot yakunida pokistonlik biznesmen Andijon viloyatida Forward-TH Sports loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, kompaniyasi Oʻzbekistonda sport sumkalari hamda dunyo futbol klublari uchun liboslar ishlab chiqarish boʻyicha yirik investitsiya loyihalarini hayotga tatbiq etishni rejalashtirayotganini bildirdi. 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?