Oʻzbekistonda zaʼfaron yetishtirish boʻyicha klaster barpo etilmoqda

18:12 06 Oktyabr 2020 Iqtisodiyot
381 0

Bugun Jizzax viloyatining Baxmal tumanida birinchi marta zaʼfaron piyozi ekildi, deb xabar berdi “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu loyiha “BMB Trade Group” (Oʻzbekiston) va “Opera SRL” (Italiya) kompaniyalari oʻrtasida zaʼfaron va boshqa dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va sanoat usulida qayta ishlash toʻgʻrisida imzolangan memorandum doirasida amalga oshirilmoqda.

Bugun 10 gektar maydonga ekilgan 5 milliontadan ziyod zaʼfaron piyozi Italiyaning Bressia shahridan Sloveniya, Vengriya, Polsha, Belarus, Rossiya va Qozogʻiston kabi mamlakatlar orqali 6 ming 800 kilometr masofani bosib oʻtib, Oʻzbekistonga yetkazildi.

Loyihaning umumiy qiymati 34,4 million yevroni tashkil etadi. Uning teng yarmi toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalardir. Sarmoyalarning katta qismi yuqori sifatli zaʼfaron piyozlarini sotib olish va yetkazib berishga yoʻnaltiriladi.

“BMB Trade Group” kompaniyasi ijrochi direktori Abdurashid Sharafutdinovning taʼkidlashicha, yaqin kelajakda loyiha uchun ajratilgan 400 gektar maydonga ekish uchun yana 75 million dona piyoz keltiriladi. Bu esa Oʻzbekistonga xalqaro zaʼfaron bozorida yetakchi oʻrinni egallashga imkon beradi. Loyiha doirasida mahalliy aholi uchun 200 ga yaqin doimiy va 7 mingta mavsumiy ish oʻrni yaratilishi kutilmoqda.

— “Opera SRL” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan zaʼfaron klasteri loyihasi doirasida oshpazlik, farmatsevtika va boshqa sohalarda talab yuqori boʻlgan tayyor mahsulotni ishlab chiqarish uchun qoʻshimcha quvvatlarni yaratamiz, — dedi “BMB Trade Group” kompaniyasi tijorat direktori Mirzamurod Dadajonov. — Bundan tashqari, Italiyaning 5 mingdan ortiq dorixonasiga mahsulot yetkazib beradigan “GESFARM” kompaniyasi bilan qayta ishlangan va qadoqlangan zaʼfaron mahsulotlarini yetkazib berish boʻyicha qiymati 12 million yevroga teng uzoq muddatli eksport shartnomasi imzoladik.

— Oʻzbekistondagi yirik zaʼfaron plantatsiyalaridan birini yaratish boʻyicha tarixiy tadbirda qatnashayotganimdan mamnunman, — dedi “BMB-OPERA ZAFFERANO” Oʻzbekiston — Italiya qoʻshma korxonasi texnik direktori Matteo Fassi. — Bugungi kunga qadar Italiya zaʼfaronlari asrlar davomida anʼanaviy tarzda mamlakatimizning oʻzida yetishtirilgan. Bu bizga katta masʼuliyat yuklaydi. Shuning uchun zarur boʻlgan barcha tuproq va iqlim tadqiqotlarini oʻtkazdik. Bu esa tanlangan maydon zaʼfaron yetishtirish uchun oʻta qulay joy ekanini koʻrsatdi. Men va hamkasblarim — Italiyaning Pyachensi universiteti olimlari - agrotexnik tadbirlar Yevropa standartlariga muvofiq yuqori darajada bajarilishi uchun bor bilim va tajribamizni safarbar etamiz.

Piyozlarni ekishdan oldin italiyalik mutaxassislar mahalliy xodimlar bilan uslubiy seminar va amaliy mashgʻulotlar oʻtkazdi. Shuningdek, zamonaviy agrotexnika texnologiyalari namoyish etildi.

— Hamkorligimiz amaliy va samarali ruhda oʻtmoqda. Shuni taʼkidlashni istardimki, bugun klasterning kelajakdagi taraqqiyoti uchun mustahkam asos yaratilmoqda. Bu minglab mahalliy aholi, ayniqsa, xotin-qizlar uchun yangi ish oʻrinlari yaratishga imkon beradi. Shuningdek, mintaqaning iqtisodiy rivojlanishi, kommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilash uchun katta turtki boʻladi, — dedi italiyalik mutaxassis.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?