Oʻzbekistonda «Yuventus» futbol klubi akademiyasi ochiladi

13:51 18 Dekabr 2018 Sport
707 0

Bugun Jismoniy tarbiya va sport vazirligida Italiyaning “Yuventus” klubining brendni boshqarish va rivojlantirish boʻyicha ijrochi direktori Karolina Kiappero boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Yurtimizga tashrif buyurgan mashhur Italiya futbol klubi vakillari bilan oʻtkazilgan muzokaralar jarayonida Turin politexnika universiteti kampusi bazasida “Yuventus akademiyasi”ni tashkil etish boʻyicha muzokaralar olib borildi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligida boʻlib oʻtgan uchrashuvda ham tomonlar yurtimizda futbolni ommalashtirish, yangi tashkil etilayotgan akademiya faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish hamda oʻzaro hamkorlikni kuchaytirish masalalarini muhokama qilishdi.

“Serquyosh yurtimizda sizlarni koʻrib turganimda bagʻoyatda xursandman. Bizda futbol yaxshi koʻrishadi. Xususan yurtimizda “Yuventus” jamoasi muxlislari ham koʻpchilikni tashkil etadi. Poytaxtimizda ushbu klub akademiyasining tashkil etilayotgani barchamiz uchun quvonchli yangilik boʻldi. Akademiyaning tashkil etilishi nafaqat ushbu muassasada, balki umuman oʻzbek futboliga jahonning ilgʻor tajriba va metodikalarini joriy etishi imkonini beradi deb oʻylayman. Vazirligimiz ham oʻz navbatida klub bilan hamkorlik qilishga hamda akademiyani har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyor” – dedi D.Nabiyev.

“Yuventus” klubining brendni boshqarish va rivojlantirish boʻyicha ijrochi direktori Karolina Kiappero yurtimizda akademiyani tashkil etishdan maqsad faqatgina uning oʻquvchilarini tayyorlash emas, balki oʻzbek yoshlariga futbol bilan professional tarzda shugʻullanish imkoniyatini yaratish ekanligini maʼlum qildi.

“Yuventus akademiyasi” faoliyati bolalarning futbol orqali jismoniy rivojlanishiga koʻmaklashish, shuningdek ularda futbol madaniyatini shakllantirishga qaratilgan. Akademiya faoliyati kompleks yondashuvga asoslanib, yillik trening, shugʻullanish oromgohi, yozgi oromgoh, oʻquv sessiyasi kabi jami oltita asosiy yoʻnalishda amalga oshiriladi.

Eslatib oʻtamiz, bugungi kunga kelib, “Yuventus akademiyasi” loyihasi Yevropa, Osiyo va Amerika qitʼasida joylashgan 49 ta mamlakatda amalga oshirilib, 100 dan ortiq hududni va 15000 nafardan ortiq bolalarni qamrab olgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?