Oʻzbekistonda yurish marafoni kuni oʻtkazildi

12:01 16 Mart 2019 Jamiyat
499 0

Foto: Hasan Paydoyev, «Xalq so‘zi»

Xalqimizda kasalni davolagandan koʻra, oldini olgan afzal, degan naql bor. Shuning uchun ham mamlakatimizda yuqumli boʻlmagan kasalliklar hamda ularning xavf omillarining oldini olish, davolash va nazorat qilish, aholining barvaqt oʻlim hamda kasallanishini kamaytirish boʻyicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oʻtgan yilning 18 dekabridagi “Yuqumli boʻlmagan kasalliklarning profilaktikasini, sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu kabi saʼy-harakatlarni yangi bosqichga olib chiqish imkonini bermoqda.

Ushbu vazifalar ijrosini taʼminlash hamda aholi orasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib etish maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan mamlakatimiz boʻylab joriy yilning 16 mart kuni Respublika yurish marafoni tashkil etildi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.

Foto: Hasan Paydoyev, «Xalq so‘zi»

Jumladan, erta tongdan Toshkent shahridagi muhtasham va koʻrkam Milliy stadionida Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov boshchiligida vazirlik markaziy apparati xodimlari, tizimdagi muassasalar rahbarlari, tibbiyot oliy oʻquv yurtlari rektorlari ishtirokida yurish marafoni tashkil etildi. Yurtimizning taniqli sanʼatkorlari, madaniyat namoyondalari oʻzlarining chiqishlari bilan tadbirga fayz kiritgan boʻlsa, tibbiyot xodimlari tomonidan sogʻlom turmush tarzining ahamiyati, jumladan, yurishning sogʻlik uchun foydali jihatlari haqida suhbatlar oʻtkazildi.

Foto: Hasan Paydoyev, «Xalq so‘zi»

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumotiga koʻra, inson salomatligi 55 foiz holatda sogʻlom turmush tarziga, 20 foizi yashayotgan ekologik muhitiga, 15 foizi irsiy omillarga, bor yoʻgʻi 10 foizi tibbiyotga bogʻliq ekan. Demak, sogʻlom turmush tarziga muntazam ravishda amal qilish turli xastaliklardan holi, chiroyli va baxtli yashash omilidir. Eng muhimi, millat genofondiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Foto: Hasan Paydoyev, «Xalq so‘zi»

— Hozirgi urbanizatsiya davrida kamharakatlilik butun dunyoning oʻtkir muammosiga aylanmoqda. Holsizlik, uyquchanlik, uyquning buzilishi, diqqat-eʼtiborni jamlashning sekinlashishi, xotiraning pasayishi, sababsiz charchash hissi, semizlik — bu kabi belgilar har bir kishida uchraydi, lekin kamdan-kam odamlar bu holatlarni kamharakatlilik bilan bogʻlaydi, — deydi Sogʻliqni saqlash vazirligi qoshidagi Aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi direktori Barno Odilova. — Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotiga koʻra, yiliga chekishdan 5 milliondan ziyod, kamharakatlilikdan esa qariyb 5,3 million odam hayotdan koʻz yumadi. Ushbu globallashib borayotgan muammoni hal qilishga har birimiz masʼulmiz. Oʻz oʻrnida Sogʻliqni saqlash vazirligi fuqarolarni faol harakatga chaqirib, yurish marafonini tashkil qildi. Asosiysi, bu kabi tadbirlar bir martalik emas, balki doimiy tarzda oʻtkaziladi.

Foto: Hasan Paydoyev, «Xalq so‘zi»

Eʼtiborli jihati, yurish barcha sport turlari orasida eng osoni va qulayidir. Buning uchun juda koʻp energiya sarflashning hojati yoʻq, ijobiy taʼsiri esa juda yuqori. Yurish organizmning umumiy holatiga taʼsir koʻrsatadi, mushaklarni baquvvat qiladi, suyak toʻqimasini mustahkamlaydi, harakatlarni muvofiqlashtirishni rivojlantiradi. Jismoniy faoliyatning bunday turi harakatning eng xavfsiz turi hisoblanib, uni deyarli har bir kishi — oʻsmirdan tortib, keksa odam ham bemalol bajarishga qodir.

Mutaxassislarning maʼlum qilishicha, haftada atigi 2,5 soatlik jismoniy faollik erta oʻlim holatlarini 28 foizga, yurak kasalliklarini ehtimolini esa 20 foizga kamaytirar ekan. Yaʼni, haftada kamida 150 daqiqa jismoniy faol boʻlgan insonlar kamroq harakatlanadiganlarga qaraganda sogʻlomroq ekan. Bundan tashqari, jismoniy faollik natijasida organizmda biosintez jarayoni faollashadi, qon aylanish jarayoni 4-5 marta kuchayadi, yurak qisqarishlari soni tezlashadi, bu esa organizmda yangi energiya hosil boʻlishiga va energiya bilan taʼminlanish yaxshilanishiga olib keladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?