Oʻzbekistonda “Yashirin iqtisodiyot”ni tugatishning zamonaviy yoʻli qaysi?

20:33 12 Mart 2020 Iqtisodiyot
547 0

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida jamiyatimiz oldiga bir qator oʻzaro zanjirsimon bogʻlangan vazifalarni qoʻydi. Jumladan, raqamli iqtisodiyotning toʻliq joriy etilishi shaffoflikni taʼminlab, “yashirin iqtisodiyot”ni tugatish va har bir hududiy rahbar faoliyatiga baho berish imkoniyatini yaratadi. Demak, mazkur vazifalarni oʻzaro bogʻliqlikda oʻrganish va bajarish maqsadga muvofiqdir.

Maʼlumki, ilm ahli oʻtgan davrda “Fan boshqa, hayot boshqa” qabilida ish yuritib keldi. Yangi Oʻzbekistonda esa fanga keng yoʻl ochildi. Joriy yilning “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb nomlanishi, ayniqsa, olimlar oldiga salmoqli vazifalarni qoʻymoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Joriy yilda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha tub burilish qilishimiz kerak. Birinchi navbatda, qurilish, energetika, qishloq va suv xoʻjaligi, transport, geologiya, kadastr, sogʻliqni saqlash, taʼlim, arxiv sohalarini toʻliq raqamlashtirish lozim” deya oʻta muhim vazifa qoʻyilgan ekan, buni raqamli iqtisodiyotni joriy etish uchun zarur boʻlgan dastlabki tadbirlar, deb qarashimiz zarur.

Taraqqiyot kafolati

“Raqamli iqtisodiyot” atamasi Amerikaning Massachusets universiteti professori Nikolas Negroponte nomi bilan bogʻliq boʻlib, u 1995-yilda axborot texnologiyalaridan iqtisodiyotda foydalanish jarayonini “raqamli iqtisodiyot” deb atagan. Afsuski, bugungi kungacha jahon ilm ahli ham, mahalliy olimlarimiz ham mazkur atamani internet aloqasi bilan bogʻlagan holda, unga “internet-savdo” deb baho berib kelganlari yoki boʻlmasa, “ishlab chiqarish va savdoning axborotlashtirilishi” deb cheklanib qolganlari uning mohiyatini toʻliq ochib bermaydi. Chunki birinchidan, olimlar mavjud holatdan kelib chiqib, masalaga baho berishmoqda, ikkinchidan, ilgʻor tarmoqlarni nazarda tutib, axborot texnologiyalaridan foydalanishda iqtisodiyotni toʻliq qamrab ola bilmayapti. Mamlakatimizda jahondagi rivojlangan davlatlar qatorida internet-savdo, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalarida axborot texnologiyalaridan keng foydalanilayotganini eʼtiborga olib, raqamli iqtisodiyotga taʼrif berish bilan cheklanish jarayonning jamiyatdagi mohiyati toʻliq roʻyobga chiqishiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.

Yangi Oʻzbekiston iqtisodiyotining oʻzak maqsadi fuqarolarning yashash sharoitini yana-da yaxshilash, ijtimoiy ahvolini oʻnglash hamda farovonligini oshirishga qaratilgan. Davlatimiz rahbarining tegishli Farmon va qarorlariga muvofiq, har bir oilaning tadbirkor boʻlishi, yaʼni yoshlar, xotin-qizlar ishbilarmonligini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan loyihalar, tomorqa egalariga ajratilayotgan kreditlar — bularning barchasi xalqimizning farovonligi hamda iqtisodiyotimizning rivojiga xizmat qilayotgani shundan dalolat beradi. Zotan, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, xalq boy boʻlsa, davlat ham boy boʻladi. Daromadimiz qancha oshsa, toʻlaydigan soligʻimiz, yaʼni Davlat byudjetiga kirim ham shuncha ortadi. Bu degani — iqtisodiyot inson aql-zakovati va mehnati zamirida ishlab chiqarish (xizmat koʻrsatish), ayirboshlash, taqsimot va qayta taqsimot jarayonlarini oʻzida mujassamlashtirgan boʻlib, uning axborot texnologiyalari yordamida kompleks ravishda boshqarilishi “raqamli iqtisodiyot” deb ataladi.

“Ikkinchi internet” maydoni

Dunyo texnologik jarayonlaridan orqada qolish har qanday jamiyatni tubanlikka olib keladi. Mamlakat jahonning xom ashyo bazasi va ish kuchi bozoriga aylanadi. Bunday oqibatlarning oldini olish uchun davlatimiz rahbari 2018-yil 3-iyulda “Oʻzbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”, 2018-yil 2-sentyabrda “Raqamli ishonch” raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida” hamda “Oʻzbekiston Respublikasida kripto-birjalar faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”, 2018-yil 21-noyabrda “Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida raqamli infratuzilmani yana-da modernizatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlarni qabul qildi. Natijada jamiyatimizda iqtisodiyotning koʻplab tarmoqlarini raqamli boshqarish siyosati qonunlashtirildi, Prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (NAPU) respublikamizda raqamli iqtisodiyotni joriy qilish uchun mutasaddi tashkilot etib belgilandi. Agentlik tomonidan ishlab chiqilgan chora-tadbirlar asosida respublikada “Raqamli ishonch” raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etildi.

Bundan tashqari, Prezident farmonlari va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-yanvardagi 31-sonli qarori bilan “Raqamli ishonch” jamgʻarmasi “Oʻzbekgidroenergo” AJ davlat tomonidan 100 foiz taʼsischi etib tayinlandi. Hokimliklar va tarmoq vazirliklari esa “Blokcheyn” axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalanishni nazarda tutmoqdalar. Masalan, Toshkent shahar hokimligi “Universal” kompaniyasi bilan “Smart City” loyihasini tayyorlashda yoki Madaniyat vazirligi tizimida madaniyat va sanʼat muassasalariga chipta tarqatishda aynan “Blokcheyn” texnologiyasidan foydalanishlarini bildirishdi. Prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi 2018-yil 12-noyabrda respublikada “Blokcheyn”dan foydalanishning birinchi pilot loyihasi — “Raqamli ishonch” jamgʻarmasini Rossiya Federatsiyasining “Blockchain Industrial Alliance” kompaniyasi bilan hamkorlikda ishga tushirilganligini eʼlon qildi.

Albatta, mamlakatimiz boʻyicha global raqamli iqtisodiyotni joriy etish yuqori malakali kadrlarni va ulkan sigʻimga ega boʻlgan “Blokcheyn” axborotlar texnologiyasini talab etadi. Respublikamiz rahbari oʻzining Oliy Majlisga Murojaatnomasida bir millionta dasturchi mutaxassislar tayyorlash toʻgʻrisida toʻxtalib, raqamli iqtisodiyotni bunyod etuvchi bilimli kadrlar tayyorlash topshirigʻini berdi.

Sir emas, ulkan hajmdagi maʼlumotlarni oʻzida sigʻdira oladigan “Blokcheyn” texnologiyalari iqtisodiy rivojlangan davlatlardan sotib olinishi kerak. U katta maʼlumotlar bazasi boʻlib hisoblanadi va uning yordamida iqtisodiyot markazlashgan holda boshqarilishi mumkin. “Blokcheyn”ni baʼzi olimlar “ikkinchi internet” maydoniga qiyoslashadi. Iqtisodiyotning barcha tarmogʻi maʼlumotlari bir joyga yigʻilib, superkompyuterlardan iborat bazaga jamlanadi. Bunda qoʻshimcha maʼlumotlarni yigʻishga hojat qolmaydi. “Blokcheyn” maʼlumotlar bazasi yirik boʻlib, unda maʼlumot saqlagan mijoz ularni solishtirib, xohlagan paytda berilgan topshiriq shaklida maʼlumot olishga va maxfiy saqlanishiga erishadi. Makroiqtisodiyot respublika miqyosida boshqarilishini taʼminlaydi. Ulkan maʼlumotlar bazasiga ega boʻlgan mexanizmning xarajati ham shunga qarab koʻp boʻlishi tabiiy hol. Chunki bu soha katta miqdordagi elektr energiyasini talab etadi. Xorijiy matbuot maʼlumotlarida virtual aktivlar yaratish uchun energiya sarfi alyuminiy qazib chiqarishdan 7 marotaba, oltindan 4 marotaba koʻpligi taʼkidlangan. Shu bilan birga, davlatimiz rahbarining qarorlarida “Blokcheyn” texnologiyalarini joriy etish 2021-yil 1-yanvardan boshlanishi belgilab berilganligi sabab adabiyotlarda va boshqa turli chiqishlarda hozircha “Blokcheyn” atamasini ishlatishdan chegaralanishni tavsiya etardik. Negaki, davlat reyestrlari, klassifikatorlari va boshqa maʼlumotlar bazalarini yuritish, jumladan, ularga kiritilgan axborotlarni yangilash va samarali foydalanish yoʻllari endigina ishlab chiqilmoqda.

Yashirilgan mablagʻni aniqlash imkoni boʻladi

“Yashirin iqtisodiyot” oʻz faoliyatini xufiyona olib boradi. Xom ashyo sotib olish yoki tayyor mahsulotni sotishni naqd pulda bajarib, bankdan tashqari aylanma asosida soliq va boshqa toʻlovlarni bajarmaydi. Pirovardida jamiyat iqtisodiy zarar koʻrmoqda. Uni bartaraf etish uchun iqtisodiyotda shaffoflikni yoʻlga qoʻyish kerak. Yaʼni iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirish respublikamiz uchun zaruriy ehtiyojdir.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Joriy yilda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha tub burilish qilishimiz kerak. Birinchi navbatda, qurilish, energetika, qishloq va suv xoʻjaligi, transport, geologiya, kadastr, sogʻliqni saqlash, taʼlim, arxiv sohalarini toʻliq raqamlashtirish lozim” deya oʻta muhim vazifa qoʻyilgan ekan, buni raqamli iqtisodiyotni joriy etish uchun zarur boʻlgan dastlabki tadbirlar, deb qarashimiz zarur. Chunki har bir tarmoqda yuqoridan pastki shoxobchalargacha ish jarayonini axborot texnologiyalari yordamida olib borishni taʼminlasak, birinchi galda, makroiqtisodiyotni raqamlashtirishimiz osonlashadi, ikkinchidan, tarmoqlararo aloqalar ham raqamlashtiriladi. Yurtboshimiz tomonidan yuqorida nomlari qayd etilgan tarmoqlar 2020-yilda oʻz tizimlarida axborot texnologiyalarini toʻliq joriy etib, global tarmoqning dastlabki shakli sifatida bank, soliq va bojxona tizimlari bilan raqamlar asosida maʼlumot aylanishini yoʻlga qoʻyishlari kerak. Ana shunda tarmoq vazirliklari tomonidan oʻz faoliyatlari yuzasidan taqdim etilgan maʼlumotlar bank, soliq va bojxona tomonidan jamlangan maʼlumotlar bilan solishtirilganda, iqtisodiyotimiz ravnaqiga toʻsiq boʻlib turgan farq ayonlashadi. Uni qanday nomlamang, avvalo, bankdan tashqari aylanma va korrupsiya keltirib chiqaradigan omil boʻlib hisoblanadi.

Endi bugungi makroiqtisodiy koʻrsatkichlarni hisoblash amaliyotini abstraktlagan holda raqamli iqtisodiyotga oʻtish munosabati bilan koʻrsatkichlarni axborot texnologiyalari yordamida tuzib, respublika miqyosida “Blokcheyn” maʼlumotlar bazasi bilan solishtirish natijasida qoʻlga kiritiladigan natijalarni nisbiy misolda koʻrsatib oʻtsak. Tovar ishlab chiqarish va xizmatlar koʻrsatish natijalari quyidagi holatlarni oʻz ichiga oladi: sotilishi va mablagʻ hisob raqamga tushishi, oʻzida qayta ishlatilishi, joʻnatilgan tovarlar (koʻrsatilgan xizmatlar)ga puli olinmaganligi va tovarlar sotilmay omborxonada turishi. Demak, korxonadan boshlab barcha subyektlar ish faoliyatiga baho berish yuqoridagi koʻrsatkichlar yordamida hisoblanadi. Mahsulot sotilganligini korxona hisob raqamiga tushgan mablagʻ koʻrsatsa, joʻnatilgan, lekin puli olinmagan qarzdorlikni tijorat bankida maxsus yuritiladigan hisob raqam, mahsulotning xom ashyo sifatida qayta ishlatilishi va ombordagi tayyor tovarlar hajmi korxona buxgalteriya balansida qayd etiladi. Yagona global raqamli iqtisodiyot tizimiga ulangan har qanday ishlab chiqarish, ayirboshlash, taqsimot va qayta taqsimot shaffof holda koʻrinadi. Hududlar va vazirliklardan olingan hisobotlar “Blokcheyn” maʼlumotlari bilan solishtirilganda, qaysi tizim va hududda bankdan tashqari aylanmalar borligi aniq koʻrsatib beriladi.

Xulosa shuki, ilm asosida tashkil etilgan raqamli iqtisodiyot jamiyatimizdagi barcha kamchiliklarni bartaraf eta oladigan va taraqqiyotni yana-da jadallashtiradigan yagona yoʻldir.

Shavkat AYUPOV,

OʻzR FA V. I. Romanovskiy nomidagi

Matematika instituti direktori,

akademik, senator.

Ashur QODIROV,

iqtisodiyotfanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?