“Oʻzbekistonda yangi uygʻonish – Uchinchi Renessans”

14:52 02 Sentyabr 2020 Siyosat
758 0

Oʻzbekiston xalqining koʻp asrlik boy tarixiga nazar tashlar ekanmiz, unda taraqqiyot choʻqqilarini zabt etishning mashaqqatli bosqichlarini koʻrish mumkin. Bu bosqichlarda davlatchiligimizning shakllanishi, jamiyatda ilmu fan, sanʼat va madaniyatning yuksalishi, buyuk siymolarning oʻz ijodida erishgan yutuqlari jahon tamaddunining rivojiga hissa qoʻshishdek iftixorli jarayonlar gavdalanadi.

Oʻzbekiston tarixining birinchi Renessansi - Somoniylar davriga toʻgʻri kelib, ushbu davrda buyuk ajdodlarimizning yaratgan ilmiy-falsafiy asarlari va olamshumul kashfiyotlari islom sivilizatsiyasiga tamal toshi boʻldi. Ijtimoiy sohaning har tomonlama rivojlanishi, jamiyatdagi munosabatlarning muayyan tartib-tamoyillar asosida qurilishi, shaharu viloyatlarning iqtisodiy-madaniy rivojlanishi, ilmu maʼrifatning markazlashuvi singari muhim jarayonlar oʻrta asrlarda yurtimizda davlatchilikning oʻziga xosligini belgilovchi tamoyillardir.

Ikkinchi Renessans – Amir Temur va Temuriylar davriga toʻgʻri kelib, nafaqat Movaraunnahr, balki butun Markaziy Osiyo oʻlkalari oʻz taraqqiyotining yangi pogʻonasiga koʻtariladi. Bu davrda davlatchilik asoslari takomillashib, shaharsozlik va meʼmorchilik avj oldi, xalqaro savdo va diplomatik aloqalar jadallashdi. Shuningdek, bu davrda fan, madaniyat va sanʼat sohalarining rivojlanishi hamda tafakkur doirasining yuksalishi namoyon boʻladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 29 yillik tantanalarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining: “Xalqimizning ulugʻvor qudrati joʻsh urgan hozirgi zamonda Oʻzbekistonda yangi bir uygʻonish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda”, - degan soʻzi yangradi.

Darhaqiqat, shiddat bilan rivojlanayotgan hayotimizda roʻy berayotgan yuksalish jarayonlari oʻzini barcha sohalarda namoyon etmoqda. Binobarin, mustaqillikka erishgan yillarimizning ilk davrida biz oʻzimizning milliy oʻzligimizni anglash, boy tarixiy-maʼnaviy hamda ilmiy merosimizning asl mazmun-mohiyati magʻzini chaqish va uni roʻyobga chiqarishga intilgan boʻlsak, endilikda xalqimiz jipslanib “milliy tiklanishdan – milliy yuksalish” gʻoyasini sobit qadamlik bilan amalga oshirishga kirishdi. Bu davrda jamiyatimizda ijtimoiy tafakkurning yuksalish tendensiyasi qaror topishi, unga xos ham milliy, ham umuminsoniy qadriyatlarning mujassamligi eʼtirof etilmoqda. Milliy ruh va umuminsoniy qadriyatlar uygʻun boʻlgan ijtimoiy tafakkur – mamlakatimiz barqaror rivojlanishining oʻzan mezon va mustahkam poydevoriga aylanmoqda. Yurtimizda ijtimoiy tafakkur darajasining tobora oʻsishi bois, sanoat, qishloq xoʻjaligi va boshqa jabhalarda mehnat va sohaga yondashuv madaniyati hamda masʼuliyati oʻzgardi. Ayniqsa, fan sohasiga qaratilayotgan alohida eʼtiborning zamirida chuqur maʼno bor. Fan – bu tafakkur boʻlib, qaysiki, jamiyatdagi barqarorlikni taʼminlab beruvchi ustuvor omillardan biridir. Fan rivojlanar ekan, nafaqat iqtisodiyot, balki ijtimoiy-madaniy soha ham taraqqiy etadi. Fanga boʻlgan eʼtibor inson tafakkurini oʻstirish va ulgʻaytirishga xizmat qiladi. Jamiyat tafakkuri oʻssa, madaniyat va sanʼat sohasi ham mana shu talablarga hamohang ravishda oʻsadi va taraqqiy etadi.

Jahon ilmiy hamjamiyatining eʼtirof etilishicha, Oʻzbekiston qadimdan madaniyat va sivilizatsiya barpo etuvchi zamindir. Darhaqiqat, oʻrta asrlarda Oʻzbekiston hududida vujudga kelgan ilmiy-maʼnaviy yutuqlar Yevropadagi ilmu fanga asos boʻldi. Muhammad al-Xorazmiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Abu Nasr Forobiy kabi ulugʻ mutafakkirlarimizning beqiyos ilmiy-falsafiy risolalari dunyoviy bilimlarni rivojlantirish va tizimlashtirish bilan bir qatorda, nafaqat oʻz zamonasi, balki keyingi yuz yilliklarga tegishli umumjahon tamaddunining yuksalishiga asos soldi.

Davlatimiz rahbari hozirgi davrni milliy tiklanishdan milliy yuksalish tomon deb eʼlon qilganligining zamirida qatʼiy ishonch va chuqur hikmat mujassam. Negaki, keyingi 10 yilligimiz asl yuksalish va taraqqiyot davri boʻlishi muqarrar. Zero oxirgi yillarda qabul qilingan va albatta qilinajak qonunlar, farmon va qarorlar, amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar taraqqiyotning yangi ufqlariga asos boʻladi.

Oydin Abdullayeva,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi deputati,

“Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?