Oʻzbekistonda yangi texnologiyalar asosida sholi yetishtiriladi

16:55 06 Avgust 2019 Jamiyat
170 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekistonda Janubiy Koreyaning Tong Yang Moolsang kompaniyasining zamonaviy mashinalari yordamida sholini koʻchat usulida yetishtirish yoʻlga qoʻyiladi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Yangi texnologiya orqali hosildorlik oshishi, vegetatsiya davri qisqarishi, 70-75 foizgacha urugʻdan iqtisod qilinishi, 20-25 foizgacha suvdan unumli foydalanishga erishiladi. Bu haqda Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat taʼminoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi, Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti, Oʻzbekistondagi Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish administratsiyasi KOPIA markazi hamkorligida tashkil etilgan oʻquv-dala seminarida qayd etildi.

Ayni paytda Koreyadan “TYM” (Tong Yang Moolsang) kompaniyasining qoʻlda itarib, shuningdek, RF-48 va ustiga minib boshqariladigan RRO600V rusumli koʻchat ekish mashinalari keltirilib, sholi yetishtirish texnologiyasini mexanizatsiyalash yoʻli bilan takomillashtirish va yuqori hosil olishga qaratilgan eksperement olib borilmoqda.

- Dunyo aholisining aksariyati guruch isteʼmol qiladi, xususan, Oʻzbekistonda ham bu mahsulotga boʻlgan talab katta. Shu boisdan Oʻzbekiston uchun sholini samarali usulda yetishtirish nihoyatda zarur. Koreyadagi eng ilgʻor texnologiyalarni joriy etish, sholining yangi navlarini yaratish va uni Oʻzbekiston sharoitiga moslashtirish mutaxassislarning malakasini oshirish borish borasida hamkorlik ishlarini amalga oshirmoqdamiz, - deydi Janubiy Koreya Respublikasining Oʻzbekistondagi Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish administratsiyasi KOPIA markazi rahbari, professor An Xi Sung.

Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori Maʼsud Sattorovning bildirishicha, hozirgi tajribada 1 gektar maydonga oʻrtacha 12 soat ichida sholi ekilayotgan boʻlsa, endilikda qoʻlda boshqariladigan mashinalar yordamida 1,5-2 gektargacha, minib boshqariladigan mashinalarda esa oʻrtacha 7-8 gektargacha maydonda sholi ekib, yuqori samaradorlikka erishilishi kutilmoqda. Sholini koʻchat usuli bilan yetishtirish anʼanaviy urugʻdan ekib yetishtirish usulga qaraganda koʻp jihatdan afzalliklari mavjud. Hozirgi paytda yer yuzida sholi hosilining 95 foizidan ortigʻi faqat koʻchat usulida yetishtirilmoqda.

Joriy yilda respublika boʻyicha jami 114 ming gektarga sholi ekish rejalashtirilgan, shundan 57,9 ming gektari asosiy ekin sifatida va 56,1 ming gektar gʻalladan boʻshagan maydonlarni tashkil etadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?