Oʻzbekistonda yangi partiya tuzish boʻyicha qaror qabul qilindi

18:06 08 Yanvar 2019 Siyosat
1782 0

Boriy Alixonov | Arxiv foto

Oʻzbekiston ekologik partiyasining taʼsis syezdi boʻlib oʻtdi. Yangi tuzilma mamlakat siyosiy maydonining teng huquqli aʼzosi sifatida vakillik organlariga oʻrinlar egallash vazifalarini qoʻyib, parlamentda oʻz oldidagi mushtarak maqsadlarni davlat siyosati darajasida ilgari surishni maqsad qilgan.

Tadbir ishtirokchilari ekologik partiya oldida katta va masʼuliyatli ishlar turganini eʼtirof etishdi.

Mamlakatda barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, aholi uchun qulay ekologik sharoit yaratish va noyob tabiatni saqlashga jamiyatning barcha kuchlarini safarbar qilish, hududiy va mahalliy ekologik va fuqarolar sogʻli-ini muhofaza qilish dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish, jamiyatda ekologik madaniyat darajasini koʻtarish singari dolzarb vazifalar shular jumlasidandir.

Syezdda Oʻzbekiston ekologik partiyasini taʼsis etish boʻyicha qaror qabul qilindi. Partiyaning Markaziy Kengashi hamda Nazorat-taftish komissiyasi aʼzolari saylab olindi. Delegatlar tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar asosida Oʻzbekiston ekologik partiyasi Ustavi va Dasturi loyihalari hamda syezdda koʻrib chiqilgan boshqa masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Shu kunning oʻzida Oʻzbekiston ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Plenumi ham boʻlib oʻtdi. Unda qator tashkiliy masalalar koʻrib chiqildi. Oʻzbekiston ekologik partiyasi Markaziy Kengashi ijroiya qoʻmitasi aʼzolari, uning raisi va rais oʻrinbosarlari ham saylandi. Partiyaning ramzlari tasdiqlandi.

Partiya markazi kengashi raisi lavozimiga Qonunchilik palatasi spikeri oʻrinbosari Boriy Alixonov saylandi.

Maftuna AZIZOVA.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?