Oʻzbekistonda yana bitta siyosiy partiya tashkil etiladi

15:43 13 Noyabr 2018 Siyosat
1186 0

Oʻzbekiston Respublikasining “Siyosiy partiyalar toʻgʻrisida”gi qonunining 6-moddasiga asosan ekologik partiya tashkil etish boʻyicha mamlakatimiz fuqarolaridan iborat tashabbuskorlar guruhi shakllandi.

Hozircha yangi tashkil etilayotgan partiya qanday gʻoyalar va qanday nom bilan siyosiy maydonga chiqishi borasida aniq maʼlumotlar yoʻq.

Bugungi kunda mamlakatimizda 4 ta siyosiy partiya – Oʻzbekiston Xalq-demokratik partiyasi, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston liberal-demokratik partiyasi hamda Oʻzbekiston Ekologik harakati faoliyat yuritmoqda.

Mazkur partiyalar oʻz gʻoyalari bilan siyosiy maydonga chiqqan. Masalan, oʻzini pensionerlar, kam taʼminlangan aholi qatlamlari manfaatlari himoyachisi sifatida namoyon etuvchi XDP ularning turmush darajasini oshirish, ijtimoiy faolligini kuchaytirish kabi gʻoyalarni amalga oshirish boʻyicha saylovchilariga vaʼda bergan.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi milliy meros va qadriyatlarni tiklash, ularni yanada boyitish, turizm sohasini rivojlantirish kabi gʻoyalarni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan.

“Adolat” SDP esa ijtimoiy adolat, ilm-fan, taʼlim-tarbiya va sogʻliqni saqlash yoʻnalishlarini oʻz ichiga olgan maqsad va vazifalarni olgʻa surgan.

Mamlakatdagi yetakchi partiya hisoblanmish OʻzLiDeP tadbirkorlar va ishbilarmonlar manfaatini himoya qilishni qoʻllab-quvvatlagan.

Oʻzbekiston Ekologik harakati aholining ekologik madaniyatini oshirish bilan bogʻliq barcha yumushlarni oʻz zimmalariga olishgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?