Oʻzbekistonda yana bir yangi yengil avtomobil ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Narxi 270 mln. soʻmdan boshlanadi (FOTO)

20:37 27 Noyabr 2019 Iqtisodiyot
2803 0

Oʻzbekistonda ilk bor ishlab chiqarilgan Isuzu D-Max pikapining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Bu haqda muxbirimiz Said Rahmonov xabar beradi.

Yangi avtoulov 3 ta modifikatsiyada va 7 xil rangda taqdim etiladi. Sotuvlar 2020-yil yanvar oyidan boshlanadi.

Mazkur avtomobil ham yoʻlovchilar, ham yuklarni tashish uchun birdek qulay boʻlib, “universal dizayn” konsepsiyasini oʻzida namoyon etgan.

“2002-yildan buyon Isuzu D-Max pikapi butun dunyo boʻylab Yaponiyaning Isuzu Motors kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarib kelinmoqda, - deydi Samarqand avtomobil zavodi bosh direktori oʻrinbosari Xusen Qobilov. – Shu yillar ichida u turli iqlim sharoitlarida millionlab kilometrlar bosib oʻtdi va yanada mukammallashdi. Oʻzbekistonda ishlab chiqarish uchun 2017-yilda Isuzu D-Max modifikatsiyasining ikkinchi avlodi tanlab olindi. Pikaplar ekologiya talablariga mosligi va tejamkorligi bilan ajralib turuvchi dizel yoqilgʻisida ishlaydi. Ushbu model shassisi Isuzu agregatlari bilan jihozlangan boʻlib, ishlashning yuqori koʻrsatkichlarini namoyish etadi. Isuzu D-Max rul boshqaruvi va gʻildiraklar osmasi oʻrtasidagi qoʻyilgan muvozanati boʻyicha oʻz toifasidagi avtomobillar orasida eng yaxshisi hisoblanadi. Ushbu avtomobil murakkab yoʻl sharoitlarida ham muvozanat saqlay olishi kafolatlanadi”.

Mamlakatimiz uchun Isuzu D-Max uchta modifikatsiyada taqdim etiladi:

- Ikki qatorli kabina, 2 yoʻlovchili oʻrindiq, 2,5 litrli dvigatel hajmi va mexanik uzatmalar qutisi boʻlgan D-Max Sahar;

- Bir qatorli kabina, 4 yoʻlovchili oʻrindiq, 2,5 litrli dvigatel hajmi va mexanik uzatmalar qutisi boʻlgan D-Max Oksus;

- Ikki qatorli kabina, 2 yoʻlovchili oʻrindiq, 2,5 litrli dvigatel hajmi va avtomatik uzatmalar qutisi boʻlgan D-Max Irbis.

Pikapning yuk koʻtaruvchanligi 865-1100 kg.ga teng.

Anʼanaviy ravishda Isuzu avtomobillarida haydovchi va yoʻlovchilarning xavfsizligiga alohida eʼtibor qaratiladi. Isuzu D-Max yapon standartlariga muvofiq yuqori mustahkamlikdagi poʻlat kabina, energiyani yuta oluvchi old qism, yon zarbga chidamli plankalar va tarang tortib turuvchi xavfsizlik yostiqchalari bilan jihozlangan.

Pikapning ranglar xilma-xilligi oq, kumushsimon, metallik, kulrang metallik, obsidian, kulrang, qora, koʻk va qizil ranglarda taqdim etilgan. Avtomobil interyerida bezashning qora elementlari, xromlangan detallar va ushlab koʻrganda yoqimli materiallar uygʻunlashadi. Keng eshiklari kabinaga oson kira olish, ichkarida esa yoʻlovchilarni qulay joylashishini taʼminlaydi.

Avtomobil narxi 270 mln.- 380 mln. soʻm oraligʻida belgilangan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?