O‘zbekistonda yana bir nufuzli institutning filiali ochiladi

10:46 25 Iyul 2018 Madaniyat
448 0
Foto: tvkultura.ru

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Toshkent shahrida Butunrossiya kinematografiya davlat instituti filiali (qo‘shma fakulteti) ochiladi. Bu davlatimiz rahbari tomonidan 2018 yilning 24 iyul kuni imzolangan “Milliy kinoindustriyani rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorda o‘z ifodasini topgan.

Shuningdek, mazkur hujjatga muvofiq:

- “O‘zbekfilm” aksiyadorlik jamiyati “O‘zbekfilm” davlat unitar korxonasi etib qayta tashkil etildi;

- “Hujjatli filmlar kinostudiyasi” davlat unitar korxonasi “Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi” davlat unitar korxonasi sifatida qayta nomlandi;

- “O‘zbekkino” MAning hududiy bo‘linmalari negizida “Respublika kinoprokat markazi” davlat unitar korxonasining filiallari tashkil etildi;

- “O‘zbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi” davlat muassasasini nodavlat notijorat tashkiloti sifatida qayta tashkil etildi.

Kinoindustriya sohasi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi tashkil etildi. Markaz, jumladan, kinoindustriya sohasi xodimlarini shartnoma asosida qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish bilan shug‘ullanadi.

Kino mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularning prokati bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar 2020 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatga barcha turdagi soliqlar va majburiy ajratmalar to‘lashdan, shuningdek, olib kiriladigan kino ishlab chiqarish va kino namoyish etish uskunalari uchun bojxona to‘lovlaridan ozod etildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?