Oʻzbekistonda yana bir koʻkrak nishoni taʼsis etildi

09:35 26 Iyun 2020 Hujjatlar
225 0

“Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining milliy strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida” Prezident Farmoni qabul qilindi.

Farmon bilan Oʻzbekistonning inson huquqlari boʻyicha xalqaro shartnomalari normalarini bajarish yuzasidan masʼul davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining asosiy yoʻnalishlari belgilandi.

BMTning inson huquqlari boʻyicha ustav organlari va shartnomaviy qoʻmitalarining tavsiyalarini bajarishga toʻsqinlik qilayotgan sabab va sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf etish asosiy yoʻnalishlardan biridir.

Shuningdek, Farmon bilan Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi va uni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

Inson huquqlari boʻyicha Milliy markazi (Markaz) Milliy strategiya va “Yoʻl xaritasi”ning amalga oshirilishi yuzasidan muntazam monitoring olib borib, chora-tadbirlar sifatli va oʻz vaqtida ijro etilishi boʻyicha taklif va tavsiyalarni tegishli vazirlik va idoralarga kiritib boradi.

“Yoʻl xaritasi”da belgilangan masʼul ijrochilar oʻzlariga yuklatilgan vazifalar ijrosi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni har oyning 5-sanasiga qadar Markazga taqdim etadi.

Farmon bilan “Inson huquqlari himoyasi uchun” koʻkrak nishonini taʼsis etildi.

Koʻkrak nishoni inson huquqlarini himoya qilish va inson huquqlari madaniyatini oshirishda koʻrsatgan xizmatlari uchun har yili Xalqaro inson huquqlari kunida topshiriladi.

Shuningdek, har ikki yilda yuqori saviyada hamda xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijiy davlatlar mutaxassislari va faxriy mehmonlar ishtirokida Inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumi oʻtkaziladi.

Markaz xodimlarining lavozim maoshiga:

fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega shaxslar uchun – lavozim maoshining 30 foizigacha;

fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasiga ega shaxslar uchun – lavozim maoshining 60 foizigacha qoʻshimcha haq toʻlanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?