Oʻzbekistonda yana bir diniy tashkilot davlat roʻyxatidan oʻtkazildi

09:28 10 Iyul 2020 Jamiyat
326 0

Toshkent shahar adliya boshqarmasida Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tumanida joylashgan «Agape» toʻliq Yevangel xristian cherkovi 160-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita matbuot xizmati maʼlum qildi.

Shu oʻrinda taʼkidlash joiz, bagʻrikenglik va insonparvarlik madaniyatini rivojlantirish, millatlararo, konfessiyalararo va fuqarolararo hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlash Oʻzbekistonda davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sanaladi.

Yurtimizdagi millatlararo va konfessiyalararo doʻstlik va totuvlik, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, islohotlar samaradorligini oshirish mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini yana-da yuksaltirishning eng muhim omilidir.

Ana shu jihatlarni eʼtiborga olgan holda, yurtimizda faoliyat olib borayotgan barcha konfessiya vakillariga bir xilda eʼtibor qaratilib kelinadi. Diniy konfessiyalarga taalluqli boʻlgan yangi diniy tashkilotlarning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi esa mazkur konfessiyalarga mansub fuqarolarning diniy ehtiyojlarini oʻrganish asosida amalga oshirib kelinmoqda.

Mamlakatimiz Konstitutsiyasi va qonunlarimizda Oʻzbekiston Respublikasining barcha fuqarolari millati, tili va dinidan qatʼi nazar, teng huquq va erkinliklarga ega ekani mustahkamlab qoʻyilgan. Ularga oʻz milliy madaniyati, anʼana va urf-odatlarini saqlash va har tomonlama rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlarning taʼminlanishi belgilab berilgan hamda amalga oshirib kelinmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?