Oʻzbekistonda yana bir assotsiatsiya tashkil etildi

08:46 10 May 2020 Siyosat
608 0

foto by: Google

Sayyohlarning barcha toifalarini qamrab olish va ular uchun munosib sharoitlar yaratish maqsadida Oʻzbekiston sotsial turizm assotsiatsiyasi tashkil etildi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi xabar bermoqda.

Yangi assotsiatsiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

• imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimiz va ehtiyojmand oilalar farzandlari uchun xayriya aksiyalarini oʻtkazish;

• imkoniyati cheklangan shaxslar sayohat qilishlari uchun sharoitlar yaratishga koʻmaklashish;

• sotsial turizm sohasida davlat dasturlari, normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa qarorlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etish hamda jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;

• inklyuziv turizmni rivojlantirish doirasida bolalar, yoshlar, uchinchi yosh toifa vakillari, shuningdek nogironligi boʻlgan kishilar uchun turizm hamda ekskursiyalarni tashkil etishga koʻmaklashish.

Oʻzbekiston sotsial turizm assotsiatsiyasi mamlakatimizda inklyuziv turizmni rivojlantirishga hamda bu borada xorijiy turdosh uyushmalar bilan hamkorlik aloqalarni oʻrnatish yoʻlida xizmat qiladi.

Taʼkidlanishicha, Assotsiatsiya Oʻzbekistonda turizm sohasini rivojlantirishga hissa qoʻshish istagidagi jismoniy shaxslarni birlashtirish va ularning saʼy-harakatlarini sotsial turizmni rivojlantirishga yoʻnaltirish, jumladan bolalar, yoshlar, keksalar, shuningdek nogironligi boʻlgan yurtdoshlarimizning sayohatlarini tashkil etishga koʻmaklashadi.

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan hamkorlikda imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimiz uchun “Sayohat barcha uchun!” xayriya sayohati tashkil etiladi hamda ularning diqqatga sazovor maskanlarda sayohat qilish imkoniyatlarini baholash ishlari amalga oshiriladi.

Sotsial turizm assotsiatsiyasi kengashi raisi etib (1981-yilda tugʻilgan) Izatillo Xoʻjayev tayinlandi. U avvalroq Sharqshunoslik instituti, OʻzMTDP Toshkent viloyati Kengashi, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi safida faoliyat yuritgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?