Oʻzbekistonda “Yagona” nomli noyob avtomobil paydo boʻldi

18:59 07 Yanvar 2019 Jamiyat
1013 0

Qoraqalpogʻistonning Amudaryo tumani Mangʻit shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro Alisher Yuldashev eski “Zaporojes” avtomobilining korpusi asosida yangi avtomobil yigʻib chiqardi. “Tiko”ning motorini, “Mazda”ning oʻrindigʻini, “Malibu”ning ruli va orqa faralarini, “Kaptiva”ning old qoplamasi (oblitsovka)ni “Zaporojes”ning korpusiga oʻrnatib, antiqa avtomobil yaratgan ixtirochi-muallif unga “Yagona” deb nom qoʻygan.

— Yoshligimdan avtomashina yigʻishga qiziqaman va ancha vaqt shuni oʻzimga kasb qilib kelganman. Shuning orqasidan pul topib, roʻzgʻor tebratganman. 90-yillarda Nukus shahrida talabalik paytimda uylarning oldida qantarilib yotgan avtomobillarni koʻrib, uning egalari bilan gaplashib sotib olardim va ularga qayta ishlov berib sotardim. Hozirgacha davlat ishlaridan boʻsh paytimda darhol avtomashina yigʻishga kirishaman, — deydi A.Yuldashev.

— Antiqa avtomobil yaratish gʻoyasi bundan 4 yil avval paydo boʻlgan, – deydi u. – Bir kuni avtomobil yigʻayotgan paytimda yonimga qizcham (u vaqtda 5-sinfda edi) kelib, menga xushomad qilib: “dada, menga ham mashina olib bering. Faqat u mashina hech kimda yoʻq, yagona boʻlsin” dedi. Gʻoyani aslida qizim bergan. Natijada, mana koʻrib turibsiz, “Yagona” “marka”li avtomobil dunyoga keldi. Xudo xohlasa, kelgusi yilda qizim maktabni tugatadi. Ushbu antiqa avtomobilni qizimga sovgʻa qilmoqchiman.

“Yagona” avtomobili 3 yilda dunyoga kelgan. Alisher Yuldashevning taʼkidlashicha, u mablagʻ topgan paytlari bozordan avtomobillarning ehtiyot qismlarini sotib olib yurgan. Mazkur avtomobil uchun 50 mln. soʻmdan koʻproq sarf xarajat qilgan.

Uning hovlisida yana “Moskvich 401” rusumli eski avtomashina ham bor ekan. Bu avtomashinani ham bir vaqtlari sotib olib, unga qayta ishlov bergan va ayni paytda motori yaxshi holatda ishlab tur.

Alisher Yuldashev kelajakda shunday avtomobillardan muzey tashkil qilishni ham niyat qilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?