Oʻzbekistonda uzum navlarini kombaynlarda ekish yoʻlga qoʻyiladi

10:41 15 Avgust 2019 Jamiyat
89 0

Kuni kecha Qishloq xoʻjaligi vazirligida Germaniyaning Reynland –Pfals Federal yeri ishbilarmon doira vakillari ishtirokida vinochilik, uzumchilik sohasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan uchrashuv tashkil etildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Unda Qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari, Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat taʼminoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi bosh direktori Bahodir Xalikov bugungi kunda Oʻzbekistonda Germaniyada yetishtirilayotgan uzumlarning navlarini joriy etish, nemis texnologiyasi asosida uni yetishtirishga tayyor ekanligini bildirdi.

Qayd etilganidek, respublikamiz hududlarida qishloq xoʻjalik ekinlari davlat reyestrida 45 ta uzum navi mavjuddir. Qishloq xoʻjalik korxonalari tasarrufida esa jami 75 ming gektar uzum maydoni bor. Shuning 87 foizini xoʻraki va kishmishbop uzumlar tashkil etadi. Sanoatbop uzumlar maydoni 11-12 ming gektar yoki tokzorlar umumiy maydonining 13 foiziga teng . Shundan 4-5 foizi qimmatbaho uzum navlari hissasiga toʻgʻri keladi.

2019-2021-yillarda jami 23400 gektar maydonda yangi tokzorlar barpo qilinishi rejalashtirilgan. Shundan 2019-yilda 8290 gektar, 2020-yilda 8840 gektar hamda 2021-yilda 6270 gektar maydonda yangi tokzorlar barpo qilishning manzilli dasturi ishlab chiqilgan. Bugungi kunda mahalliy navlardan tashqari Fransiya, Italiya, Germaniya, Gruziya va boshqa davlatlardan introduksiya qilingan Kaberne Sovinyon, Moratel, Xindogni, Rkatsiteli, Risling, Muskat Rozovыy, Muskat Vengerskiy, Aleatiko kabi yuqori sifatli vino, vino materiallar va shampan vinolari tayyorlash imkonini beruvchi uzum navlari ekilmoqda.

Oʻz navbatida, Germaniyaning Reynland –Pfals Federal yeri ishbilarmon doira vakillari bugungi kunda vino uchun yetishtirilayotgan uzumning 80 foizi yuqori texnologiyalar asosida maxsus kombaynlarda ekilayotgani, tajribali mutaxassislar nemis texnologiyasini Oʻzbekistonda joriy etishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

Muloqot davomida Oʻzbekistonda Germaniya uzum navlarini yetishtirish, sohaga yangi texnologiyalarni joriy etish, jumladan, uzum navlarini kombaynlarda ekish va hosilini yigʻib olish, shuningdek, tokzorlardan yuqori hosil yetishtirishda zamonaviy sugʻorish texnologiyalar, yaʼni tomchilatib sugʻorish tizimini keng qoʻllash maqsadida hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga kelishib olindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?