Oʻzbekistonda uzoq vaqt qolib ketgan chet ellik mehmonlar jazolandi

12:52 09 Iyul 2019 Jamiyat
477 0

Xalq soʻzi Online”. Saminjon Husanov/Andijon. Avvalo aytmoq joizki, oʻzbek xalqi mehmondoʻst. Toʻshagi yetmasa choponini toʻshab berguvchi bu elning odamlari qoʻyib bersangiz yillab mehmon kutishdan charchamaydi. Biroq, hurmatga izzat deganlari mana shu davlat tartiblariga rioya qilishdan, unga hurmat bajo keltirishdan boshlanadi. Afsuski, izzatini bilmaydigan ayrim zamondoshlarimiz ham yoʻq emas.

Ana shulardan biri boʻlmish Rossiya Federatsiyasi fuqarosi Sofiya Rametova (ismlar oʻzgartirilgan - har tugul mehmonning hurmati bor) qarindoshi Xolida opanikiga keldiyu, bir yil qolib ketsa boʻladimi! Vaqtincha yashash uchun roʻyxatdan oʻtmagani bois amal qilishi kerak boʻlgan muddatning oʻzi yoʻq, deb oʻyladi shekillida. Otashxon opa esa Sofiyaxondan ham oʻtib tushdi. Qirgʻiziston Respublikasida yashovchi bu ayol oʻzbekistonlik Shukurillo aka bilan sharʼiy nikohdan oʻtib oldi. Yoʻq, turmushiga koʻz olaytirmaymiz (qaytanga baxtini bersin), lekin nahotki oradan 6 yil oʻtsa ham manzilga roʻyxatdan oʻtay demasa...

“Bu kabi holatlar koʻplab uchramoqda. Shu bois hatto xorijiy fuqarolarga nisbatan ham amalda belgilangan jazo chorasini qoʻllashga majbur boʻlyapmiz”, - deydi Buloqboshi tumani maʼmuriy sudining raisi Akmaljon Shermatov.

Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 225-moddasida ”Chet el fuqarosi va fuqaroligi boʻlmagan shaxsning Oʻzbekiston Respublikasida boʻlish qoidalarini buzishi, yaʼni Oʻzbekistonda yashash huquqini beradigan hujjatlarsiz yoki haqiqiy boʻlmagan hujjatlar bilan yashashi, vaqtincha yoki doimiy propiska, koʻchish yoki turarjoy tanlash yuzasidan belgilangan tartibga rioya etmasligi, boʻlish muddati tugagach chiqib ketishdan boʻyin tovlashi” uchun jazo choralari belgilangan. Demak, har bir mamlakatda boʻlgani kabi Oʻzbekistonda ham respublikaga kirish-chiqish tartiblariga rioya etilishi majburiy.

Qonun qonunbuzarlikni yoqtirmaydi. Shunday ekan, amaldagi tartiblarga rioya etish har birimizning burchimizdir. Buning uchun eng avvalo, huquqiy savodxonligimizni oshirish, madaniyatimizni yanada yuksaltirish shart va zarurdir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?