Oʻzbekistonda umummilliy diktantlar oʻtkaziladimi?

17:31 21 Oktyabr 2019 Jamiyat
123 0

“Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan Oliy Majlis Senati aʼzolari, mutasaddi vazirlik va idoralar, OAV hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida mamlakatimizda davlat tilini rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan “Harakatlar strategiyasi va milliy til rivoji” mavzuida davra suhbati tashkil etildi.

Taʼkidlash joizki, mamlakatimizda yosh avlodga oʻzbek tili va yozuvini oʻqitishga moʻljallangan darsliklar har yili takomillashtirib borilmoqda. Maktablarda va oliy taʼlim muassasalarida ona tilidan saboq beruvchi pedagoglar uchun koʻplab qoʻllanmalar chop etildi. Oʻnlab lugʻatlar yaratildi, mumtoz adabiyot namunalari oʻzbek tilida nashr qilindi va bu jarayon muttasil davom ettirilmoqda.

Shunga qaramay, bugungi kunda xalqimizda nutq savodxonligi, davlat tilida muloqot qilish madaniyatini ommalashtirish, shu jumladan, yoshlarning til meʼyorlariga rioya qilish koʻnikmalarini oshirishga toʻsqinlik qiluvchi bir qator muammo va kamchiliklar mavjud.

— Yuqori palata mutaxassislari va ekspertlar ishtirokida Toshkent shahrida “Davlat tili haqida”gi Qonunning ijrosi oʻrganilgan edi, — deydi Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi Iqboljon Mirzaaliyev. — Afsuski, natijalar juda ham achinarli ahvolda. Shahar miqyosida uchraydigan nomlarning koʻpchilik qismi oʻzimiz tushunib-tushunmaydigan tillarda qoʻyilgan. Buning sabablarini oʻrganganimizda, tadbirkorlardan “odamlarni koʻproq shu kabi nomlar qiziqtiradi-da”, degan gaplarni eshitdik. Bu singari ona tilimizga, uning sofligiyu bor goʻzalligiga tahdid qiluvchi holatlarning oldini olish maqsadida men ona tilimizdagi soʻzlarni, lugʻatimizga qoʻshilayotgan yangi iboralar, joy nomlari, atoqli otlar va ulardan foydalanish tartibi bilan shugʻullanadigan alohida tuzilma tashkil etishni taklif qilgan boʻlar edim. Zero, tilga oid masalalar, unga eʼtiborni kuchaytirish va faqatgina bayramda emas, muntazam ravishda nazorat ostiga olinishini talab qiladi.

Davra suhbatida soha mutaxassislari tomonidan aholining barcha qatlami, ayniqsa, yoshlarni qamrab olishga qaratilgan turli formatlardagi tadbirlarni oʻtkazish, jumladan, davlat tilida savodli yozish madaniyatini rivojlantirish fikri oʻrtaga tashlandi. Shuningdek, savodxonlik masalasiga keng jamoatchilik eʼtiborini qaratish maqsadida yil davomida davlat tilida doimiy umummilliy diktantlar oʻtkazish tashabbusi ilgari surildi.

Ayniqsa, taʼlim muassasalarida davlat va xorijiy tillarni oʻqitish jarayonini tanqidiy jihatdan koʻrib chiqish va yanada takomillashtirish, davlat xizmatchilarining, ayniqsa, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlarining davlat tilini bilish darajasi hamda savodxonligini oshirish, oʻzbek tili targʻibotida OAV rolini kuchaytirish kabi bir qator takliflar bildirildi.

Soha mutaxassislari tomonidan ilgari surilgan barcha tashabbus va takliflar umumlashtirilib, keng jamoatchilik hamda tegishli vazirlik va idoralarga taqdim etiladigan boʻldi.

Munisxon KARIMOVA
(“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?