Oʻzbekistonda Turkiya bilan hamkorlikda urugʻchilik klasteri tuziladi

15:52 16 Oktyabr 2018 Jamiyat
673 0

Yaqinda Innovatsion rivojlanish vazirligida Turkiyaning “Agrobest” korxonasi rahbari Eroʻgʻlu Faruni bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov rahbarligidagi delegatsiyaning 16–20 sentyabr kunlari paxtachilik va tomchilab sugʻorish tizimidan foydalanish masalalarida Turkiyaga safari chogʻidagi tadbirlar natijasida yuzaga kelgan iliq doʻstona munosabatlar tufayli bugungi kunda yurtimizda yana bir xorijiy sarmoyali korxona – urugʻchilik klasterini tuzish gʻoyasi paydo boʻldi. Avval Toshkent viloyatida tuzilajak klaster, keyinchalik yurtimizning boshqa hududlarida tashkil etish mumkinligi ham muhokama qilindi.

Tomonlar klasterni tuzish boʻyicha ishlarni tez surʼatlar bilan olib borish zarurligini taʼkidlab oʻtdi. Urugʻchilik biznesining oʻziga xos jihatlarini eʼtiborga olganda bu masalada bir oylik kechikish ishning yana bir yilga ortga surilishiga sabab boʻlishi ham qayd etib oʻtildi. Janob Faruni noyabr oyining boshlaridayoq Toshkentga urugʻchilik sohasida 12 yillik tajribaga ega mutaxassis Rashid Oʻtluk kelishi kerakligini aytdi.

Vazir oʻz navbatida hamkorlikdagi klaster tuzish masalasida barcha sharoitlarni yaratib berishga tayyorligini, jumladan, tashkilotning huquqiy jihatdan rasmiylashtirish, yer masalasini hal qilish ishlariga oʻzi bosh-qosh boʻlishini bildirdi.

Yangi tashkil etiladigan urugʻchilik klasteri nafaqat, urugʻ yetishtirish, balki ularni tashqi muhit taʼsiri va zararkunandalardan himoya qilish uchun dorilash, saqlash, qadoqlash ishlari bilan ham shugʻullanadi. Eroʻgʻlu Faruni, shuningdek, har bir hududga mos urugʻ navlarini yetishtirib, ularni ekish, parvarishlash,umuman agrotexnikasi boʻyicha fermerlar bilan seminarlar ham uyushtirishni yoʻlga qoʻyish kerakligini aytdi. “Bizning maqsadimiz, sifatli urugʻ ishlab chiqarib, uni fermerlarga sotish bilan bir qatorda, chegaralangan suv va yer resurslaridan unumli foydalanilishiga erishishdir. Buning uchun avvalo sifatli, muayyan tabiiy sharoitlarga mos urugʻ yetishtirib berishimiz lozim, ammo uni toʻgʻri parvarishlashda ham gap koʻp. Fermerlarning aksariyati yangilikni yoqtirishmaydi, sinalgan usullardan foydalanishni maʼqul koʻrishadi. Dehqonchilikka yangilik kiritish qiyin, biz buni bilamiz va qiyinchiliklardan qochmaymiz” – dedi janob Faruni.

Suhbatdan soʻng I. Abdurahmonov mehmonni Fanlar akademiyasining Genomika va bioinformatika markaziga taklif qildi. Vazir markazdagi ilmiy laboratoriyalarda hujayralardan koʻpaytirilgan paxta, bugʻdoy, uzum nihollarini koʻrsatdi, gen-nokaut usuli bilan yaratilgan “Porloq” turkumidagi tezpishar, hosildor paxta navlarining xususiyatlari haqida soʻzlab berdi. Markaz qoshidagi tajriba issiqxonasi va markazning bir necha gektarli paxtazori ham mehmonda katta taassurot qoldirdi.

Qishloq xoʻjaligi sohasida oʻz yutuqlari va tajribasiga ega ikki davlat – Oʻzbekiston va Turkiya mutaxassislari tomonidan yaratiladigan hamkorlikdagi klaster yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi uchun xizmat qilishi kutilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?