Oʻzbekistonda Turizmni rivojlantirish instituti oʻz ishini boshladi

10:53 16 Oktyabr 2019 Jamiyat
71 0

2019-yilning 10-oktyabr kuni Prezident Farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzuridagi “Turizm oʻquv-konsalting markazi” davlat unitar korxonasi (DUK) bazasida tuzilgan Turizmni rivojlantirish instituti oʻz faoliyatini boshladi. Institut turizm sohasi uchun kadrlar tayyorlash va ularni qayta tayyorlash, ilm-fan va taʼlim sohasida xizmat koʻrsatishda fundamental va ilmiy-amaliy tadqiqotlar oʻtkazish maqsadida tashkil etildi.

Turizmni rivojlantirish instituti faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilandi:

ustuvor yoʻnalishlarni shakllantirish, fundamental va ilmiy-amaliy tadqiqotlar hamda izlanishlar, turizm sohasida dolzarb muammolarni hal qilishga yoʻnaltirilgan innovatsion loyihalarni amalga oshirish;

xalqaro amaliyot va global tendensiyalarni oʻrganish, ularning natijalari boʻyicha respublika turizm tizimi ilgʻor tajriba va faoliyatini tatbiq qilishga doir taklif va tavsiyalar kiritiladi;

turizm sohasidagi ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy qilish, ilm-fan va texnika yutuqlarini umumlashtirish hamda ulardan foydalanishda koʻmak berish;

turizm tizimini rivojlantirishda ustuvor yoʻnalishlarga muvofiq keluvchi ilmiy tadqiqot va innovatsion loyihalar roʻyxatini tasdiqlash;

ilm-fandagi innovatsion gʻoyalar va istiqbolli tendensiyalarni ilgari suruvchi hamda ularni turizm sohasida foydalanish uchun targʻib qiluvchi isteʼdodli olimlarni qoʻllab-quvvatlash tizimini yaratish;

xorijiy tajriba asosida turizm sohasidagi oliy va professional taʼlimning tizimli modernizatsiyasi, jumladan taʼlim tamoyillari, modellari va texnologiyalarini tuzatishda ishtirok etish;

turizm sohasida kasbiy va taʼlim standartlarini ishlab chiqish, shuningdek mavjud tegishli professional standartlar bazasida kasbiy malaka tizimini yaratish va rivojlantirish;

taʼlim jarayoniga zamonaviy innovatsion pedagogik va axborot-kommunikatsion texnologiyalar, samarali shakllar (aralash, masofaviy, individual taʼlim, “ustoz-shogird”) va boshqa taʼlim uslublarini tatbiq qilish;

turizm sohasida taʼlimning tegishli yoʻnalishlari boʻyicha yangi oʻquv dasturlari, darsliklar, oʻquv qoʻllanmalari, uslubiy tavsiyalarni ishlab chiqishda koʻmak berish orqali oʻquv-uslubiy faoliyat sifati va darajasini oshirish;

mahalliy va xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda turizm sohasi kadrlari, jumladan Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tizimi rahbarlari, mutaxassislari va xizmatchilari, shuningdek oʻqituvchi-professorlari hamda murabbiylari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻyish;

turizm sohasi kadrlar malakasini oshirish uchun chet elda amaliyot oʻtashni tashkil qilish;

taʼlim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning professional faoliyatida yordam koʻrsatish va qoʻllab-quvvatlash; Institutning ustuvor yoʻnalishlari amalga oshirilishini taʼminlovchi respublika va xalqaro grantlarni jalb qilish, shuningdek davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga ega boʻlish uchun tanlovlar hamda ijtimoiy loyihalarda ishtirok etish;

Ilmiy va oʻquv faoliyatda xalqaro, hududiy va davlatlararo hamkorlikni rivojlantirish. “Turizm oʻquv-konsalting markazi” DUKning barcha huquq va majburiyatlari universal vorislik tartibiga koʻra Turizmni rivojlantirish institutiga oʻtdi, barcha shartnoma va kelishuvlarga doir huquq va majburiyatlar ham shular jumlasidandir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?