Oʻzbekistonda turistik mahallalar, qishloqlar va ovullar paydo boʻladi

09:32 14 Avgust 2019 Jamiyat
197 0

Illyustrativ foto

Maʼlumki, har qanday mamlakat mahalliy aholisining madaniyati, anʼanalari va turmush tarzi oʻsha yerning oʻziga xos turistik salohiyat hisoblanadi va muhimi - buni qoʻldan boy bermaslik. Prezidentning “Oʻzbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan 2019-yilning 1-noyabridan eʼtiboran Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi eng yuqori turizm salohiyatga ega boʻlgan fuqarolar yigʻinlari (shaharcha, qishloq, ovullar hamda shahar, shaharcha, qishloq va ovullarning mahallalari) roʻyxatini shakllantira boshlaydi. Fuqarolar yigʻinlari hududlarida 20 tadan kam boʻlmagan oilaviy mehmon uylari yaratilgan taqdirda va sayyohlar uchun kamida besh xil xizmat turi (yashash va/yoki ovqatlantirish xizmatlaridan tashqari) koʻrsatilgan taqdirda, ularga “Turizm mahallasi”, “Turizm qishlogʻi” yoki “Turizm ovuli” maqomi beriladi. 2020-yildan boshlab “Turizm mahallasi”, “Turizm qishlogʻi” yoki “Turizm ovuli” maqomining berilgan fuqarolar yigʻini “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlariga kiritiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?