O‘zbekistonda test imtihonlari yakunlandi

10:01 14 Avgust 2018 Jamiyat
304 0
Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Bugun, 13 avgustda respublikadagi barcha 60 ta oliy ta’lim muassasasi va ularning 19 ta filiallarida test sinovlari yakunlandi. Bu haqda Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov o‘zining Facebook‘dagi sahifasida ma’lum qildi.

Respublika oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarining o‘n uchinchi kuni Surxondaryo viloyatidagi 1 ta oliy ta’lim muassasasida 2 smenada o‘tkazilgan. Test sinovlarida 5 ta ta’lim yo‘nalishida 1 ming 355 nafar abituriyent ishtirok etgan, turli sabablarga ko‘ra 17 nafar abituriyent test sinovlariga kelmagan.

Test natijalari Surxondaryo viloyatidan Feldegerlik xizmati tomonidan maxfiyligi va daxlsizligini ta’minlagan holda Davlat test markaziga 23.00da yetib keladi.

13 avgust test natijalari 14 avgust kuni kunning ikkinchi yarmida Davlat test markazining dtm.uz saytida joylashtiriladi.

Oliy ta’lim muassasasiga kirish uchun yetarli ball to‘play olmagan abituriyentlar va ularning ota-onalarini eng ko‘p qiziqtirayotgan masalaga ham Aziz Abduhakimovning sahifasida izoh berilgan. Qayd etilishicha, oshirilgan to‘lov-kontrakt (superkontrakt) miqdori to‘g‘risidagi ma’lumot 2018 yil 15 avgustda Davlat test markazining dtm.uz va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining edu.uz saytlarida e’lon qilinadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?