Oʻzbekistonda suyultirilgan gaz uchun kompozit ballonlarni ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi

12:50 07 Sentyabr 2018 Jamiyat
204 0
Foto: Oʻzbekneftgaz

Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 27 yilligi nishonlanayotgan kunlarda suyultirilgan gaz uchun moʻljallangan kompozit ballonlarni ishlab chiqaradigan yangi UNG ECCONN masʼuliyati cheklangan jamiyati qoʻshma korxonasi ishga tushirildi. Bu haqda “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati xabar berdi.

Qoʻshma korxona taʼsischilari hisoblanmish “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tarkibiga kiruvchi “Neftgazinvest” masʼuliyati cheklangan jamiyati va Koreyaning Hyundai International Co.Ltd. ushbu loyihada teng ulushga ega.

Loyiha qiymati jami 5,3 million AQSH dollarini tashkil qilib, shulardan 2,2 millioni qurilish va montaj ishlariga sarflandi. Uskuna va jihozlar esa 3,05 million AQSH dollariga xarid qilindi.

Birinchi bosqichda yiliga 60 ming dona ECONN 20 kompozit ballonni ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Ikkinchi bosqichda esa ushbu koʻrsatkich ikki barobarga ortadi.

Qoʻshma korxona Toshkent viloyatidagi Angren EIZ hududida joylashgan boʻlib, uch gektar maydonni egallagan.

Belgilangan ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasi 77% va xarajatlarni toʻla qoplash muddati ikki yil.

Suyultirilgan gaz uchun moʻljallangan kompozit ballonlarning mahalliy ishlab chiqarilishini yoʻlga qoʻyish bozor talabiga boʻlgan javobdir. Mazkur ballonlar nafaqat Oʻzbekiston aholisining maishiy gaz ballonlarga boʻlgan ehtiyojini qondirish uchun, balki mamlakatning eksport salohiyatini yanada rivojlantirishda muhimdir.

Tahlilchilar tasdiqlaganidek, MDH bozorining ushbu mahsulotga boʻlgan talabi 30 million ballondan ortiq. Shu bilan birga, hozirda ishlatilayotgan ballonlarning 60% eskirgan ekanligini inobatga olish zarur.

ECONN 20 kompozit ballonlar zamonaviy yuqori texnologik mahsulot boʻlib, integratsiyalashgan himoya tizimi evaziga yangi darajadagi xavfsizlik bilan taʼminlangan. Ballonlar ushbu turdagi mahsulotlarga xos boʻlgan “inson omili” degan muammoli joylarni bartaraf etish inobati bilan ishlab chiqarilgan.

ECONN 20 ballonlarni qoʻllash koʻlami ancha keng – gaz plitalari, gaz gorelkalari, gaz isitgichlari, gril uchun va boshqalar. Shuningdek, bu kabi ballonlar tom yopish bilan shugʻullanadigan ishchilar uchun quvvat manbai sifatida ishlatilishi mumkin.

UNG ECCONN masʼuliyati cheklangan jamiyati qoʻshma korxonasi 50 litr hajmga ega 20 kilogrammlik ballonlarni ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydi. Ushbu ballonlar ishlaydigan harorat oraligʻi Selsiy boʻyicha -40 dan +80°C gacha.

Xizmat qilish muddati esa 10 yil.

Kompozit ballon metall ballondan 60% ga yengilroq, korroziyaga uchramaydi va ekologik toza mahsulotdir.

Metall ballonlardan farqli oʻlaroq, mazkur shisha-polimer ballonlarga xavfsizlik qopqogʻini oʻrnatish zaruriyati yoʻq, chunki, birinchidan, ular oʻn barobarlik chidamlilik darajasiga ega (metal ballonlarda ushbu koʻrsatkich 3 – 5 darajani tashkil qiladi) va, ikkinchidan, kompozit materiallar xususiyati va noyob dizayni evaziga portlashdan himoyalangan va mayda boʻlakchalarga parchalanmaydi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?