Oʻzbekistonda soch oʻsishini tezlatadigan oʻsimlik yetishtirilmoqda. Natijalar hayratlanarli

17:06 14 Avgust 2019 Jamiyat
241 0

Steviya oʻsimligi damlamasidan olinadigan steviozid moddasi shakardan 150 barobar shirin. Steviozidni qayta ishlash natijasida olinadigan rebadiozid moddasi 300 barobargacha totli. Bundan tashqari, tarkibida kvarsetin, rutin, mineral moddalar – kalsiy, fosfor, kaliy, rux, xrom, magniy, selen, mis saqlaydi. Shu bilan birga, A, S, Ye, V guruhi vitaminlari jo boʻlgan.

Shuningdek, u oʻta shifobaxsh hamdir. Yaʼni uning shirinlik darajasi yuqori boʻlsa-da, ­qandli diabet bilan xastalangan bemorlarning shirinlikka boʻlgan chanqogʻini qondirishda qoʻl keladi. Vaholonki, bunday bemorlarga shirinlik mumkin emas. Oʻziga xos paradoksni qarangki, steviya shirinligi ­bunga xalaqit bermaydi.

Qolaversa, u inson immunitetini oshiradi. Qandli diabetni davolashda, qon aylanishini va qon bosimini maromiga keltiradi. Miya qobigʻini mustahkamlaydi, parishonxotirlikni yaxshilaydi. Aʼzoi-tanada moddalar almashinuvini tiklaydi, endokrin bezlari faoliyatini moʻtadillashtiradi. Aʼzoi-tanada nobud boʻlgan xujayra va toʻqimalarni qayta jonlashtirishga yordamga keladi. Ogʻriqni daf qiladi. Bakteriya va zamburugʻga qarshi yaxshi omil boʻladi. Meʼda-ichak yoʻllari faoliyatiga foyda qiladi. Tanadagi ortiqcha yogʻlarni parchalaydi, semirishning oldini oladi. Zaharlanish kuchini qirqadi. Tamaki va spirtli ichimlikka boʻlgan maylni soʻndiradi. Oʻpka, ziqqinafaslik, tish va milk kasalliklarini davolashda qoʻl keladi. Steviya aqliy va jismoniy toliqishni bartaraf etadi. Oshqozon va meʼda-ichak yoʻli kasalliklarida shifo ato etadi. Saraton (rak) – onkologiya xastaliklarini davolashda, yaʼni oʻsishini oldini oladi. Asosiysi, isteʼmolda meʼyori cheksiz. Inson organizmi uchun salbiy taʼsiri kuzatilmaydi. Shu bois Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan damlama sifatida tavsiya qilingan.

Steviyadan foydalanish usullari:

* Jarohat, kuyish, yara, chipqonda ozor joyga steviyaning yangi bargi yuvilib, bevosita qoʻyiladi. Ozor joyni yuvish uchun steviya qaynatmasi va damlamasini ham qoʻllash mumkin.

* Qaynatma quyidagicha tayyorlanadi: oʻsimlik bargidan 2 osh qoshiq olinib, ikki qavatli dokaga oʻrab, 200 ml qaynoq suv qoʻshiladi va past olovda yarim soat pishiriladi. Keyin qaynatma suvi biror idishga olib quyiladi va kelgusida foydalanish uchun sovutgichga qoʻyiladi. Steviya oʻralgan dokaga yana 100 ml qaynoq suv qoʻshib, yarim soat dam beriladi. Va bu qaynatmani shirin choy oʻrnida ichimlik tariqasida ichsa boʻlaveradi.

* 20 gr steviya quruq bargi ustiga 200 ml 40 foizli tibbiy spirt qoʻshiladi. 24 soat mobaynida qorongʻu joyda saqlanadi. Suzilgach, qandolatchilikda va shifobaxsh choy sifatida ichiladi.

* Termosga 20 gr. quritilgan steviya oʻsimlik kukunini solib, ustiga 200 ml qaynoq suv qoʻshiladi va 24 soat damlanadi.Keyin yuqorida qayd etilgan kasalliklarni davolashda qoʻllaniladi.

* Steviya choyi bilan bosh yuvilsa bormi, soch oʻsishini tezlatadi, sochga jilo beradi va soch qozgʻoqlardan xalos etadi.

Farmatsevtikada giyohlarga ixtisoslashtirilgan korxonalar tomonidan tayyor holda steviya qadoqlangan qutida chiqariladi. Uni uyda xona gullari sifatida oʻstirsa ham boʻladi. Steviyani xastaliklarni davolashda iliq holda qoʻllash talab etiladi.

Yurtimizda steviyani oʻstirish hamda chuqur qayta ishlash jarayonlari toʻliq oʻrganib chiqilgan. Uni urugʻlantirish, qalamcha usuli bilan koʻchat yetishtirish qoʻllanib kelinmoqda. Natijalar esa hayratlanarli. Zaminimizda parvarishlangan oʻsimlikdagi steviozid moddasi dunyoning boshqa mamlakatlarida yetishtirilganiga qaraganda ancha yuqori — 19,7 foizni tashkil qiladi. Mazkur koʻrsatkich, masalan, bu borada ilgʻor boʻlgan Janubiy Koreyada 16 foizga teng. Mutaxassislar buning sababini respublikamizning oʻziga xos iqlimi bilan tasniflashadi.

Qayd etganimizdek, yurti­mizda ham ushbu yoʻnalishdagi ishlarga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Sarvar Misirov,

Dorivor oʻsimliklar xom ashyo bazasini yaratish va

dorivor preparatlarni ishlab chiqarishni tashkil etish boʻlimi mutaxassisi.

Manba: www.uzpharmagency.uz


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?