O‘zbekistonda silni masofadan turib davolash imkoniyati yaratildi

15:38 16 Aprel 2018 Jamiyat
411 0
Foto: Фото: meduniv.lviv.ua

Mamlakatimizda sil kasalligini davolash va tashxis qo‘yishda masofadan turib maslahatlashish imkoni yaratildi. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (YuSAID) va Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bilan hamkorlikda Toshkent shahrida ochilgan Innovatsion masofaviy o‘qitish va monitoring markazi ana shunday imkoniyatni ham taqdim eta oladi, deb yozadi O‘zA. 

Bir vaqtning o‘zida markazning Buxoro viloyatidagi sho‘’basi ham faoliyat boshladi. Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bo‘lib o‘tgan ochilish marosimida qayd etilishicha, dunyoda har yili sil kasalligi sababli 1 million 700 mingdan ortiq kishi vafot etadi. O‘zbekistonda bu xastalikning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan chora tadbirlar natijasida sil kasalligi bilan bog‘liq xolatlar soni sezilarli darajada kamaygan. 

— Silni davolashda, ayniqsa, dori vositalariga chidamli turini aniqlashda bir emas bir necha mutaxassislarning fikri kerak bo‘ladi, — deydi YuSAIDning Silga qarshi kurash dasturi Mintaqaviy tibbiy direktori Mixail Volik. — Masofadan turib muloqot qilish imkoniyati sababli shifokorlar poytaxtga kelmay turib ham o‘zaro fikr almashish imkoniga ega bo‘lishdi. Bugun malakali mutaxassislarni nafaqat poytaxtda balki, viloyatlarda ham yetishtirishga ehtiyoj katta. Masofaviy texnologiyalar esa eng kamxarj usullardan biri sanaladi. Ta’limda joriy etiladigan zamonaviy innovatsiyalar natijasida, bu yerdagi mutaxassislar ham yaqin orada o‘z nou-xaulari va davolashdagi yangi yondoshuvlarini jahonga eksport qila oladilar. Bizning bosh maqsadimiz esa, kasallikni erta aniqlash, erta davolash va maksimal natijaga erishishdan iborat.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?