Oʻzbekistonda Shvetsiya bilan nechta qoʻshma korxona ochilgan?

16:30 13 Fevral 2019 Iqtisodiyot
433 0

Bugun poytaxtimizda Oʻzbekiston va Shvetsiya ishbilarmonlari doiralari ishtirokida biznes-forum tashkil etildi. Mazkur tadbir Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan Business Sweden savdo hamda investitsiya kengashi bilan hamkorlikda oʻtkazilmoqda.

Shvetsiya Qirolligining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi(qarorgohi Stokgolmda) Ingrid Tersman rahbarligidagi delegatsiya savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun istiqbolli yoʻnalishlarni muhokama qilish maqsadida mamlakatimizga tashrif buyurdi. Delegatsiya tarkibidan Bussiness Sweden kengashining Yevroosiyo boʻyicha direktori Andreas Giallurakis va tashkilot mutaxassislari, ABB Safegate, Scania, Ericsson, Alfa Lacal Potok, Sandvik, Epirok, EF Education First kabi mashhur kompaniyalar rahbarlari joy olgan.

Ushbu kompaniyalar energetika, neft-gaz, togʻ-kon, qayta ishlash, qurilish materiallari va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish sektorlari, aviatsiya, aviatashuvlar hamda AKTda yuqori texnologiyali yechimlar taqdim etish kabi yoʻnalishlarda faoliyat yuritadi.

Forumda oʻzaro hamkorlikning salohiyatli yoʻnalishlari haqida taqdimotlar boʻlib oʻtdi.

Maʼlumot uchun, Shvetsiya bugungi kunda boy tabiiy resurslar, samarali shakllantirilgan ichki va tashqi transport infratuzilmalari, yuqori malakali aholiga ega industrial jihatdan rivojlangan mamlakat sifatida tan olingan. Shvetsiya iqtisodiyotida qayta ishlash sanoati asosiy oʻrinda turadi. Uning tovarlar eksporti va importida mazkur sohaning ulushi katta. Koʻptarmoqli avtomobilsozlik, sellyuloza-qogʻoz, yogʻochni qayta ishlash, metallurgiya, togʻ-kon va telekommunikatsiya uskunalari ishlab chiqarish ham mamlakatdagi yetakchi jabhalardandir.

Oʻzaro tovar aylanmasi surʼatlarini oshirishga qaratilgan ikki tomonlama bitimlar imzolash, ilm-fan, texnologiya sohasida bilimlar hamda ishlanmalar almashish, qulay iqtisodiy muhit yaratish oʻzbek-shved munosabatlarini mustahkamlashdan koʻzlangan asosiy maqsadlardan hisoblanadi.

Forumda farmatsevtik dori-darmonlar ishlab chiqarish, yengil va oziq sanoati, taʼlim va texnologiyalar oʻzaro istiqbolli loyihalar ekanligi eʼtirof etildi.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda shved kapitali ishtirokida 10 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Shundan bittasi toʻliq xorij kapitali asosida ish olib boradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?