Oʻzbekistonda SHHTning Xalq diplomatiyasi markazi oʻz ishini boshladi

18:30 29 Yanvar 2019 Jamiyat
951 0

Foto: Dinara Chirkova/“Xalq soʻzi”

“Xalq soʻzi ONLINE”. Munisa Karimova/Toshkent. “Yurakdan yurakka yetib boradigan diplomatiya”. Odatda xalq diplomatiyasi xususida gap ketganda, unga xuddi shu taʼrifni berishadi. Bu bejiz emas. Rasmiy bayonotlardan xoli, koʻzlardagi quvonch, bir biriga yaxshilik istagan koʻngillar va insonlar tufayli aynan xalq diplomatiyasi soʻnggi yillarda xalqaro aloqalarning muhim instituti sifatida yuqori baholanyapti.

Tadbirdan lavha./Foto: Dinara Chirkova/“Xalq soʻzi”

Bugun poytaxtimizda Oʻzbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi oʻz ishini boshladi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan brifingda Oliy Majlis palatalari, vazirlik hamda idoralar vakillari, diplomatik korpus va Oʻzbekistonda akkreditatsiyadan oʻtgan xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Yangi tuzilma zimmasiga bir qator dolzarb vazifalar yuklanyapti. SHHT mamlakatlari bilan madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, yoshlar, xotin-qizlar tashkilotlari oʻrtasida doʻstona hamkorlikni kuchaytirish, delegatsiyalarning oʻzaro tashriflarini uyushtirish kabi tadbirlar markaz faoliyatini tashkil etish boʻyicha “yoʻl xaritasi”da belgilab qoʻyilgan. Bundan tashqari, yil davomida festivallar, koʻrgazmalar, yarmarkalar, folklor, xalq hunarmandchiligi va ijodiyoti koʻrgazmalarini tashkil etish rejalashtirilyapti.

“Xalq soʻzi ONLINE” muxbiri tadbir ishtirokchilarining dil soʻzlariga quloq tutdi.

Rahmatulla Nazarov, Oʻzbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi direktori, senator:

Rahmatulla Nazarov./Foto: Dinara Chirkova/“Xalq soʻzi”

 

— Juda qisqa vaqt mobaynida SHHT xalqaro munosabatlarda muhim rol oʻynaydigan tashkilotga aylandi. Bugungi kunda kuzatuvchi davlatlar bilan qoʻshib aytadigan boʻlsak, tuzilma 18 ta davlatni hamkorlik asosida birlashtiradi.

Yurtimizda SHHT Xalq diplomatiyasi markazini tashkil etish tashabbusi ilk bora Prezidentimiz tomonidan 2017 yilda Ostona shahrida boʻlib oʻtgan SHHT sammiti doirasida tilga olingan edi. Gʻoya respublika miqyosida keng qoʻllab-quvvatlandi va bir qator davlat hamda jamoat tashkilotlari, jumladan, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstona aloqalar qoʻmitasi, Tashqi ishlar, Madaniyat, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirliklari, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi nodavlat notijorat tashkiloti koʻrinishidagi Markazni taʼsis etish tashabbusini ilgari surishdi.

Davlatimiz rahbarining Markazni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi qarori yangi tashkil qilingan tuzilma uchun jiddiy koʻmak boʻldi. Biz oʻz oldimizga qoʻyilgan maqsadlarimizga erishish uchun hamkorlarimiz uchun ochiqmiz va koʻplab madaniy-maʼrifiy tadbirlarni tashkil etish ustida ish boshlaganmiz.

Sodiq Safoyev, Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari:

Sodiq Safoyev./Foto: Dinara Chirkova/“Xalq soʻzi”

 

— SHHT asrimizning tengdoshidir. U aʼzo davlatlar va xalqlarning tinchlikni asrab-avaylash, oʻzaro hamkorlikni kuchaytirish yoʻlidagi saʼy-harakatlari natijasida yildan-yilga kuchayib, kengayib, tobora mustahkamlanib bormoqda. Birgina fakt. SHHT hududida yirik davlatlararo nizolar qayd etilmaganining oʻzi ham uning nufuzi va mintaqa davlatlari uchun ahamiyati naqadar yuksak ekanidan dalolat beradi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼbiri bilan aytganda, SHHT faoliyati muvaffaqiyatining asosiy sharti — xalqlar oʻrtasidagi ishonchning mustahkamlanishi, oʻzaro manfaatlarni inobatga olish, teng huquqlilikni taʼminlashdan iborat. Buning uchun xalq diplomatiyasini rivojlantirish eng maqbul yoʻldir. Ishonchim komilki, Markaz jamoatchilik, parlamentlar, birodarlikka kirishgan shaharlar, umuman, SHHTga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishda qulay makon boʻlib xizmat qiladi. Xalqlar oʻrtasidagi madaniy aloqalar rivojlangani sari davlatlar oʻrtasidagi hamkorlik ham muttasil ravishda mustahkamlanib boraveradi.

Vladimir Tyurdenev, Rossiyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi:

Vladimir Tyurdenev./Foto: Dinara Chirkova/“Xalq soʻzi”

 

— Bu tuzilma SHHT miqyosidagi yagona markaz boʻlib, avvalo, xalqlarimizni oʻzaro yaqinlashtirishga xizmat qiladi. Markaz tomonidan 2019 yil uchun “yoʻl xaritasi”ning ishlab chiqilgani hamda unda muhim vazifalar belgilangani uning xalqaro hayotga jiddiy qadamlar va aniq maqsadlar bilan kirib kelayotganidan dalolat beradi. Demak, xalqlarimizning madaniyati, boy tarixi, turli anʼanalari haqidagi qiziqarli materiallar soni ortadi.

Bugungi kunda butun dunyoda xalq diplomatiyasining ahamiyati kuchayib boryapti. Turli madaniyatlar hamda taraqqiyotlar vakillari bir-birlarini yaqindan tushunish va oʻrganishga intilyapti. Markaz bu boradagi tadbirlarni yangi bosqichga koʻtarib, yanada jonlantiradi, degan umiddaman.

Sodiq Imomiy, Tojikistonning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi:

Sodiq Imomiy./Foto: Dinara Chirkova/“Xalq soʻzi”

 

— Markazni tashkil etish tashabbusi Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan oʻz vaqtida hamda oʻz oʻrnida ilgari surilgan juda muhim qadamdir. Fuqarolik jamiyati institutlarini SHHTdagi jarayonlar va uning doirasida qabul qilingan qarorlar ijrosiga keng jalb qilish oʻzaro salohiyatimizni yanada yuksaltiradi hamda samarali hamkorlik uchun yangi ufqlarni ochadi. Ayniqsa, davlatlararo ayollar, yoshlar tashkilotlari, xalq ijodi jamoalari va boshqa ijodiy guruhlar oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirish — xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish bilan birga, yakdillik, tinchlik uchun, taraqqiyot uchun hamkorlikni mustahkamlaydi.

Vinod Kumar, Hindistonning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi:

Vinod Kumar./Foto: Dinara Chirkova/“Xalq soʻzi”

 

— Hindiston SHHTga aʼzo barcha davlat bilan madaniy hamda akademik aloqalarni yoʻlga qoʻygan. 2019 yilda Mahatma Gandining 150 yilligini keng nishonlash ustida ish olib boryapmiz. SHHT davlatlarida ham sana munosabati bilan qator festivallar oʻtkazish rejalashtirilgan.

Oʻtgan yilning iyun oyida Sindao shahrida boʻlib oʻtgan sammitda Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga muvofiq, SHHT davlat rahbarlarining Yoshlarga qoʻshma murojaati qabul qilinganini yuqori baholaymiz. Uning Yoshlar huquqlari boʻyicha BMT konvensiyasini ishlab chiqish va qabul qilish yoʻlidagi sayʼ-harakatlarni birlashtirish haqidagi tashabbusini ham har tomonlama qoʻllab-quvvatlaymiz. Markaz bu boradagi amaliy saʼy-harakatlarimizni birlashtirishga katta yordam beradi, deb umid qilaman.

Taqdimot davomida Xalq diplomatiyasi markazi hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Yevropada hamkorlik va xavfsizlik tashkilotining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi bilan oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolandi. Yangi loyihalar va tashabbuslarga start berildi.

Foto: Dinara Chirkova/“Xalq soʻzi”

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?