Oʻzbekistonda roʻy berayotgan ulkan oʻzgarishlar haqida Rossiya ommaviy axborot vositalari nimalar yozmoqda?

12:22 20 Avgust 2019 Jamiyat
130 0

Illyustrativ foto

Quyida mazkur savolga javob topishingiz mumkin.

Xususan, “Interfaks” axborot agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan shu yil 15-avgust kuni qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonining ahamiyatiga toʻxtalib oʻtgan. Unga koʻra, ushbu Farmon nafaqat sayyohlik, balki, koʻplab turdosh tarmoqlarga taalluqli “inqilobiy hujjat” deb atagan. 2019-yil 1-oktyabridan Oʻzbekistonning qator xalqaro aeroportlarida “Ochiq osmon rejimi” joriy etilishiga esa yuqori baho berilgan.

“Buxoroda xorijiy davlatlar fuqarolarini tashishda “beshinchi havo erkinligi” ni qoʻllagan holda “Ochiq osmon” rejimi joriy etiladi. Bu istalgan davlat samolyotlari bu yerga chet ellik sayyohlarni olib kelishi va uchinchi davlatga uchib ketishi mumkinligini anglatadi. Ayni chogʻda mamlakatdagi uchta - Qarshi, Termiz, Nukus aeroportlari toʻliq ochiladi”, - deb yozadi portal. Manba MDH hududida mamlakatda charterlarni tashkil etuvchi aviatashuvchilar va turfirmalarni subsidiyalash tizimini birinchi boʻlib Oʻzbekiston tatbiq etayotganini qoʻshimcha qilgan.

“Interfaks” sharhlovchilari fikricha, ushbu Farmon mamlakatga keluvchi turistlar sonini yiliga 10 million nafargacha yetkazish imkonini beradi. Sayyohlik jabhasi ravnaqi, oʻz navbatida, bandlikni oshirish va qishloq, shahar va olis joylar aholisi uchun yangi daromad manbalari paydo boʻlishiga xizmat qiladi.

“TASS” agentligi esa Oʻzbekistonda yana 20 ta mamlakat fuqarolariga kirish uchun vizasiz rejim joriy etilgani haqida xabar berdi. Ayni paytda mamlakatda 65 ta davlat fuqarolari 30 sutka davomida vizasiz boʻlib turishi mumkin. Bundan tashqari, 2018-yilning oʻrtalarida Oʻzbekistonda 100 ta mamlakatdan tranzit yoʻlovchilar uchun besh kunlik vizasiz tartib amalga kiritildi.

“2020-yildan 85 ta davlat fuqarolari mamlakatda 30 sutka vizasiz boʻlib turishlari mumkin, bu Oʻzbekistonni MDH maydonidagi eng liberal viza tartibiga ega mamlakatlardan biriga aylantiradi”, - deyiladi xabarda.

“Izvestiya” gazetasi esa 2020-2022-yillarda Oʻzbekiston Kiyev, Vena, Qohira, Budapesht, Doxa, Afina, Bryussel, Barselona, Madrid, Amsterdam, Sofiya, Varshava, Buxarest, Praga, Jeneva va boshqa koʻplab shaharlarga aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyishni rejalashtirayotganiga urgʻu bergan. Xalqaro aviareyslar geografiyasining kengayishi nafaqat mamlakatga turistik oqim koʻpayishi, balki qoʻshimcha xorij investitsiyalarini jalb etish imkoniyatini ham taqdim etishi bildirilgan.

“RIA Novosti” axborot agentligi Qoʻqonga jahon hunarmandlar shahri maqomi berilgani haqidagi yangilikni tarqatdi. Mazkur qaror 2019-yil 10-15-sentyabr kunlari mazkur shaharda boʻlib oʻtadigan xalqaro hunarmandchilik festivali arafasida qabul qilingani qayd etilgan.

“Jahon hunarmandlar kengashi prezidenti Rozi Grinlis ushbu qarorga izoh berar ekan, Qoʻqon oʻzining xalqaro almashinuvlarini kengaytirish, roʻyxatdagi boshqa shaharlar bilan faol hamkorlik qilishiga umid bildirdi, - deya yozadi “RIA Novosti”. – Fargʻona vodiysidagi Qoʻqon shahri X asrdan buyon turli nomlar bilan tanilgan, biroq uning gullab-yashnashi XVIII asrga toʻgʻri keladi. Oʻshanda u oʻziga adash nomdagi xonlik poytaxtiga aylangan edi. Uning eski shahar qismida bugungi kunda ham avvalgilardek zargarlik, toʻqimachilik va kulolchilik mahsulotlarini tayyorlash boʻyicha koʻplab mahalliy hunarmandchilik sexlari joylashgan. Mahalliy pichoqchilik maktabi esa eng mashhuridir”.

EurAsia Daily axborot-tahlil markazi yerdan foydalanish boʻyicha yangiliklarga toʻxtalib oʻtgan. Manba Oʻzbekiston Prezidenti joriy yilning 13-avgustida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 26-aprel kuni qabul qilinib, Senat tomonidan 3-may kuni maʼqullangan “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Qonunni imzolagani haqida xabar bergan.

“Hujjatga muvofiq, 2020-yil 1-martidan boshlab qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirishga ruxsat beriladi, - deyiladi materialda. – Yer uchastkalarini xususiylashtirish doimiy foydalanish (egalik qilish) yoxud meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqlari asosida tegishli boʻlgan yer uchastkalarini yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan sotib olish, qolaversa, yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali sotish shakllarda amalga oshiriladi. Yer uchastkalari Oʻzbekiston fuqarolari va rezident yuridik shaxslar tomonidan xususiylashtirilishi mumkin”.

Yer uchastkalarini xususiylashtirishning yangi tartib-taomili samaradorligi 2020-yil 1-fevralgacha Sirdaryo viloyatida rejalashtirilayotgan huquqiy eksperiment chogʻida sinovdan oʻtkaziladi. EurAsia Daily sharhlovchilarining fikricha, Oʻzbekiston rasmiylarining tashabbusi xususiy mulk institutini rivojlantirish, qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalariga fuqarolik muomalasini kiritish, fuqarolar va ishbilarmonlik subyektlari investitsiyaviy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgandir.

Regnum yangiliklar sayti esa oʻz sahifasiga mamlakatimizda ekologik toza energetikani ravnaq toptirish boʻyicha davlat tomonidan olib borilayotgan ishlarga oid maqola joylashtirdi.

Agentlik maʼlumotlariga koʻra, mamlakat tabiiy sharoitlarni inobatga olgan holda quyosh energiyasidan foydalanish boʻyicha ulkan salohiyatga ega. “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-martdagi qarori bilan energetika tarmogʻini isloh etish vazifalari belgilab berildi, - deyiladi unda. - Binobarin, 2030-yilgacha mamlakatda qariyb 25 ta quyosh elektr stansiyasiini qurish rejalashtirilyapti”.

“Xususan, yaqinda Oʻzbekiston energetika vazirligi, Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi va Osiyo taraqqiyot banki(OTB) quyosh elektr stansiyalarini barpo etish boʻyicha maslahatlashuvga oid bitim imzoladi. Loyihaning umumiy qiymati 800 mln. dollar, barcha elektr stansiyalarining yalpi quvvati 1 GVt.ga teng. Birinchi elektr stansiyasini Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida bunyod etish moʻljallanmoqda”, - deya taʼkidlaydi Regnum.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?