Oʻzbekistonda Ramazon hayiti arafasida umumiy afv eʼlon qilinishi kutilmoqda

13:59 27 May 2019 Jamiyat
754 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekiston Musulmonlar idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov shu kunlarda Oq uy, Kongress, Davlat departamenti va boshqa organlarda muloqot olib bordi. Safar chogʻida u “Amerika ovozi” teleradiosi muxbiri savollariga ham javob qaytardi.

Usmonxon Alimov intervyusida soʻnggi 3 yil davomida Prezident tashabbusi bilan 20 mingdan ortiq kishi “qora roʻyxat”dan butunlay chiqarilgani va Ramazon arafasida umumiy afv eʼlon qilinishi kutilayotganini aytib oʻtdi.

Xususan, “qora roʻyxat”dan chiqarilgan odamlardan hol-ahvol soʻrab turilgani, kamchiliklari oʻrganilayotgani taʼkidlandi.

“Prezidentimizning oʻzi “Ulardan xabar olyapsizlarmi, nima kamchiligi borligi bilan shugʻullanyapsizlarmi?” deb soʻraydi. Ularni tashlab qoʻyganimiz yoʻq, ularni ishga qoʻyish, hatto uyida issiqxonalar qurib berish, jamiyat bilan aralashib ketishiga koʻmaklashish ishlari muntazam olib borilyapti”, - deydi muftiy.

U.Alimov oʻz navbatida yaqinda Prezident tomonidan maxsus hayʼat tuzilgani, bu hayʼat jazoni oʻtash koloniyalariga borib, mahbuslar bilan maxsus shugʻullanayotgani, jarayon jadallashayotganiga toʻxtalib oʻtdi.

Hayʼat ichki ishlar xodimlari, imomlar va boshqa tashkilotlar vakillaridan tuzilgan.

Oʻzbekiston Musulmonlar idorasi raisi bundan koʻzlangan maqsad Ramazongacha ularni ozod qilish ekani va Ramazon arafasida umumiy afv eʼlon qilinishi kutilayotganini eʼtirof etgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?