Oʻzbekistonda quriladigan AESda ishlatib boʻlingan yoqilgʻi qayta ishlash uchun qayerga yuboriladi?

10:34 15 Avgust 2019 Jamiyat
120 0

Oʻzbekistonda quriladigan AESda ishlatib boʻlingan yoqilgʻi qayta ishlash uchun Rossiyaga yuboriladi. Radioaktiv chiqindilar respublikada saqlanadi. Bu haqda “Oʻzatom” matbuot xizmati xabar qildi.

“Ishlatib boʻlingan yoqilgʻi qayta ishlash uchun Rossiyaga yuborish rejalashtirilgan”, - deyilgan xabarda.

Unda qayd etilishicha, qayta ishlash jarayonida qimmatli yadroviy material chiqariladi, qolgani esa bugʻlash va presslash orqali qattiq agregat holatga keltiriladi va Oʻzbekistonga qaytariladi.

Bu mexanizm Oʻzbekiston va Rossiya aʼzo boʻlgan Yadroviy qurolni tarqalmaslik toʻgʻrisida Shartnoma (1968-yil 1-iyul), Yadroviy qurilmalarni va yadroviy materialni jisman himoya qilish toʻgʻrisida Konvensiya (1979-yil 26-oktyabr), Ishlatib boʻlingan yoqilgʻi bilan muomalada boʻlish xavfsizligi toʻgʻrisidagi va va radioaktiv chiqindilar bilan muomalada boʻlish xavfsizligi haqidagi birlashgan Konvensiya (1997-yil 5-sentyabr) kabi qator xalqaro shartnomalar bilan koʻzda tutilgan.

Xabarda har bir mamlakat radioaktiv chiqindilarni oʻz hududida saqlashi kerakligi aytilgan.

Maʼlumki, 2018-yil sentyabr oyi boshida Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev va Oʻzbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov AES qurilishida hamkorlik qilish toʻgʻrisida bitimni imzolashgandi.

Rossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasi 1 200 MVt quvvatga ega “3+” avlodidagi 1200-suv energetik reaktorli ikkita energoblok qurish rejalashtirilgan. 

Oʻtkazilgan ilmiy izlanishlardan soʻng AES qurilishi uchun optimal maydon deb Jizzax viloyatida joylashgan Tuzkon koʻli yaqinidagi hudud tanlangan.

Bugungi kunda bu maydonda AES qurilishi uchun tadqiqot ishlarining ikkinchi bosqichi jadal surʼatlarda olib borilmoqda.

Stansiyani 2028-yilgacha ishga tushirish rejalashtirilgan.

Atom elektr stansiyasi barpo etilishi natijasida yiliga 3,7 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi. Bu manba qayta ishlanib, yuqori qoʻshilgan qiymatli neft-kimyo mahsulotlari ishlab chiqariladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?