Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili qardoshlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qiladi

21:56 15 Aprel 2019 Siyosat
334 0

“Oʻzbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida 15 aprel kuni Oʻzbekistonda Qozogʻiston yilining rasmiy ochilish marosimi boʻldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Marosimni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ochib, qardosh qozogʻistonliklarni yurtimizga tashrifi bilan qutladi.

- Oʻzbekistonda Qozogʻiston yilining ochilishi strategik sheriklik munosabatlari tobora mustahkamlanib, ishonch va oʻzaro qoʻllab-quvvatlash kuchayib borayotganidan dalolat beradi. Ushbu muhim voqea xalqlarimiz oʻrtasidagi abadiy va samimiy doʻstlik, madaniy va maʼnaviy yaqinlik ramzidir, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Oʻzbek va qozoq xalqlari azaldan bir-biriga tayanch boʻlib, qiyinchiliklarni yengib oʻtgani, bugungi kunda xalqlarimizning umumiy kelajagini ham birgalikda bunyod etayotgani taʼkidlandi.

- Bugungi kun Oʻzbekiston va Qozogʻiston munosabatlarida yangi, tarixiy kun sifatida xalqlarimiz oʻrtasidagi qardoshlik aloqalarini rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratadi, deb ishonaman, - dedi davlatimiz rahbari.

Maʼlumki, 2018 yilda Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili deb eʼlon qilingan edi. Ushbu sana doirasida madaniyat, sanʼat, adabiyot, ilm-fan, turizm va boshqa sohalarda 100 dan ziyod tadbirlar oʻtkazildi. Teatr va folklor jamoalari, estrada xonandalarining ijodiy safarlari uyushtirildi. Olmaota shahrida oʻzbek adabiyoti kunlari, Taraz, Chimkent, Qiziloʻrda, Turkiston shaharlarida oʻzbek kinosi kunlari boʻlib oʻtdi.

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 13 martdagi qaroriga muvofiq qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qoʻnonboyev ijodiy merosini oʻrganish tashkil etildi. Qozogʻistonda buyuk bobomiz Alisher Navoiy tavalludining 577 yilligi keng nishonlandi.

Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Oʻzbekistonda qozoq tili va madaniyatini rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor uchun minnatdorlik bildirdi. Qozogʻiston yili doirasida oʻtkaziladigan tadbirlar qardosh xalqlarimiz madaniy aloqalarini yanada mustahkamlashini qayd etdi.

Mamlakatimizda Qozogʻiston yiliga katta tayyorgarlik koʻrildi. Uning doirasidagi tadbirlar sanʼat, fan, taʼlim va tadbirkorlik sohalari vakillariga oʻzaro manfaatli aloqalarni yoʻlga qoʻyish, bilim va tajriba almashish uchun yangi ufqlar ochadi. Madaniyatlarimiz bir-birini boyitishiga, xalqlarimiz yanada yaqin boʻlishiga xizmat qiladi.

Ochilish marosimi katta konsert dasturi bilan davom etdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?