Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili: Ikki tomonlama munosabatlarda yangi tashabbuslar

19:08 13 Iyun 2019 Siyosat
298 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev 2017-yilda oliy darajadagi muloqotlar yakuni boʻyicha 2018-yilda Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili va 2019-yilda Oʻzbekistonda Qozogʻiston yilini oʻtkazishga kelishib olgan edi.

2018-yil Qozogʻistonda oʻtkazilgan Oʻzbekiston yilida mamlakatlarimizning siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va turizm aloqalarini rivojlantirish boʻyicha qator tadbirlar tashkillashtirildi. Oʻzbekistonda keng nishonlanayotgan Qozogʻiston yili doirasida ham mazkur yoʻnalishlarda yangi loyihalar amalga oshirilmoqda.

Ikki davlat rahbarlari joriy yil aprel oyida Oʻzbekistonda Qozogʻiston yilining ochilishi munosabati bilan tashkil etilgan marosimda ishtirok etarkan, mazkur yirik tadbir xalqlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlab, azaliy doʻstlikni ulugʻlashdek mushtarak maqsadlarga erishishda muhim oʻrin tutishini qayd etdilar.

Ushbu fikr va doʻstlik rishtalari samaralariga boʻlgan yuksak ishonch Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili doirasida ham oʻz aksini topmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi bilan Qozogʻiston Respublikasi Parlamenti Majlisi oʻrtasida 2018-yilda oʻzaro hamkorlik boʻyicha memorandum imzolangandi.

Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili doirasida ikki mamlakat oliy vakillik organlari oʻrtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish, oʻzaro muloqot va uchrashuvlar, turli darajadagi tashriflarni faollashtirish koʻzda tutilgan.

– Qozogʻiston Respublikasi Parlamenti Majlisi Raisi Nurlan Nigmatulin boshchiligidagi delegatsiya 5-7-iyun kunlari tashrif bilan mamlakatimizda boʻldi, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi aʼzosi Qodir Joʻrayev. – Prezident Shavkat Mirziyoyev delegatsiya aʼzolari bilan uchrashuvda ikki mamlakat parlamentlari oʻrtasidagi aloqalarni yanada faollashtirish boʻyicha qator takliflarni ilgari surdi. Xususan, qonun chiqaruvchi organlar qoʻmitalari darajasida ham aloqalarni yoʻlga qoʻyish, parlamentlararo doʻstlik guruhlari imkoniyatlaridan samarali foydalanish lozimligini qayd etdi. Ushbu takliflar Oʻzbekistonda nishonlanayotgan Qozogʻiston yili doirasida hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitishga qaratilgani bilan ahamiyatli.

Ikki davlat oʻrtasida turizm aloqalarini rivojlantirish borasida olib borilayotgan amaliy ishlar natijasida Oʻzbekistonga kelgan qozogʻistonlik sayyohlar soni 2018-yilda 2 milliondan ortdi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yili mamlakatimizga kelgan jami turistlarning salkam 30 foizini tashkil etadi.

Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Qozogʻiston Respublikasi Turizm sanoati qoʻmitasi va “Kazakh Tourism” milliy kompaniyasi bilan faol hamkorlikni qoʻllab-quvvatlab kelmoqda. Ikki mamlakat turizm kompaniyalarining Oʻzbekiston va Qozogʻistonda oʻtkaziladigan turistik yarmarkalar va tadbirlarda ishtiroki taʼminlanmoqda.

Xususan, joriy yilning fevral oyida Buxoro shahrida oʻtgan Ziyorat turizmi boʻyicha birinchi xalqaro forumda Qozogʻistonning turizm sohasida faoliyat yuritadigan qator rasmiy va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.

Shu yil poytaxtimizda boʻlib oʻtadigan Toshkent xalqaro turistik koʻrgazmasida ham qozogʻistonlik vakillar ishtiroki kutilmoqda. Joriy yilning ikkinchi yarmida esa Oʻzbekiston – Qozogʻiston turistik forumini tashkil etish rejalashtirilgan – barcha saʼy-harakatlar xalqlar oʻrtasidagi madaniy almashinuvni mustahkamlash va ikki mamlakat turizm salohiyatini birgalikda ilgari surishga qaratilgan.

Yaqin istiqbolda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzuridagi “Milliy PR-markazi“ bilan “Kazakh Tourism” milliy kompaniyasi oʻrtasida imzolanadigan hamkorlikka doir hujjat bu boradagi maqsadlar sari yana bir qadam boʻladi.

Bugungi kunda Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida mashinasozlik, elektrotexnika, oziq-ovqat, turizm, transport va logistika sohalarida kooperatsiya dasturlari va loyihalari amalga oshirilmoqda. Qisqa vaqtda oʻzaro savdo hajmi yuqori surʼatlarda oʻsib, 2017-yilda 2 milliard AQSH dollarini tashkil qilgan boʻlsa, 2018-yilda bu koʻrsatkich qariyb 50 foizga oʻsdi. 2019-yilda ikki mamlakat savdo-iqtisodiy aloqalarini yanada kengaytirish va oʻzaro tovar ayriboshlash hajmini 5 milliard AQSH dollariga yetkazish rejalashtirilgan. Bunda Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili doirasida tashkil etilayotgan qoʻshma biznes-forumlar, B2B shaklidagi muzokaralar, yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqib, amalga oshirish alohida oʻrin tutadi.

Oʻtgan yili Chimkentda oʻtkazilgan Oʻzbekiston – Qozogʻiston birinchi hududlararo forumida qiymati 320 million AQSH dollaridan ziyod shartnomalar imzolangan, hududlar oʻrtasida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish boʻyicha 15 ta kelishuvga erishilgan edi.

Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili doirasida shu yil toʻrtinchi choragida boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston – Qozogʻiston ikkinchi hududlararo forumi mamlakatlarimiz hududlari oʻrtasida iqtisodiy sheriklikni rivojlantirish kabi manfaatli kelishuvlarga boy boʻlishi shubhasiz.

Toshkent, Samarqand, Qarshi, Buxoro, Nukus shaharlarida 10-21-may kunlari “Qozogʻiston taʼlimi kunlari” koʻrgazmasining tashkil etilgani taʼlim sohasidagi aloqalar faollashib borayotganidan darak.

Mamlakatimizda Qozogʻiston yili doirasida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Qozogʻistonning Oʻzbekistondagi elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda qoʻshni davlatning 42 ta oliy oʻquv yurti delegatsiyalari ishtirok etdi. Koʻrgazmalarda qoʻshni davlat universitet va institutlaridagi kunduzgi, sirtqi va masofaviy taʼlim tizimi haqida taqdimotlar tashkil etildi.

Shuningdek, bugungi kunda malakali kadrlar tayyorlashdagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida oliy taʼlim tizimida tajriba almashishlar amalga oshirib kelinmoqda. Toshkent farmatsevtika va Toshkent temir yoʻl muhandislari instituti kabi qator oliy taʼlim muassasalarida Qozogʻistonning yetakchi universitetlari professor-oʻqituvchilari ishtirokida oʻquv seminarlar tashkil etilgani shular jumlasidan.

Oʻzbekistonda Qozogʻiston yilining keng nishonlanayotgani mamlakatlarimizning strategik sheriklik munosabatlarini yanada taraqqiy ettirish, yangi tashabbuslarni ilgari surish, xalqlarimiz birdamligini mustahkamlash, mintaqaviy barqarorlikni taʼminlashdek mushtarak maqsadlarga erishishga qaratilgan muhim voqelikdir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?