“Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili”: Gulistonda Chimkent shahar oʻzbek drama teatrining “Qashqir uligan tunda” spektakli namoyish etildi

11:30 17 Aprel 2019 Jamiyat
366 0

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Kecha oqshom Chimkent shahar oʻzbek drama teatri ijodiy jamoasi Gulistonda Qozogʻiston davlat va M. Sholoxov nomidagi xalqaro mukofotlar sovrindori Sobit Doʻsanovning “Qashqir uligan tunda” dramasini oʻzbekistonlik tomoshabinlar eʼtiboriga havola qildi.

- Hayotiy voqea asosida yozilgan mazkur asar qardosh oʻzbek sahnasida qoʻyilganidan boshimiz osmonga yetdi, -deydi teatr direktori Ikrom Hoshimjonov. - Spektakldan soʻng uzoq davom etgan olqishlarni esa ijodiy ishimizga berilgan katta eʼtirof deb qabul qildik. Doʻstlik, qardoshlik, har jihatdan oʻzaro yaqinlik tuygʻularini yana bir bor dildan his etdik.

Teatrning “Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili” doirasida boshlagan gastrol safari bugun Jizzax viloyatida davom etmoqda.

Maʼlumot uchun,Chimkent shahar oʻzbek drama teatri 2003 yil 22 oktyabrda tashkil etilgan. Uni shaxsan Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev tantanali ravishda ochib bergan.

Qozogʻistonda 680 ming nafarga yaqin oʻzbeklar istiqomat qiladi. Ayni chogʻda mamlakat miqyosida Qozogʻiston oʻzbeklari etno madaniy birlashmalarining doʻstlik hamjamiyati faoliyat koʻrsatmoqda. Bunday hududiy birlashmalar 12 ta viloyat hamda 8 ta shaharda ham mavjud.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?