Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligini rivojlantirish strategiyasi iqtisodiyotimiz “drayveri”, xalqimiz turmush farovonligini taʼminlovchi yangi bosqichdir

18:05 12 Sentyabr 2019 Jamiyat
88 0

Qishloq xoʻjaligi qoʻshimcha imkoniyatlarga boy soha. Bozorlarimiz fayzu barakasi, hayotimiz farovonligi koʻp jihatdan unga bogʻliq. Zero, yurtimiz zamini saxovatli. Shu bois keyingi yillarda agrar sohani tubdan isloh qilish va uni bozor talablariga moslashtirish ishlariga katta eʼtibor qaratilmoqda. Masalan, davlat xarid narxlarining qariyb 3 barobar oshirilishi paxtachilik va gʻallachilikni daromad keltiradigan tarmoqqa aylantirdi. Qolaversa, paxtachilikda mutlaqo yangicha ish tutumiga, yaʼni klaster tizimiga oʻtilgani mehnatga munosabatni tubdan oʻzgartirdi. Ishni samarali tashkil etish va boshqarish imkoniyati yuzaga keldi. Shuningdek, paxta maydonlarida sugʻorishning tejamkor usullari tatbiq etildi. Shu yilning oʻzida 25 ming gektar paxta maydonida suv tejovchi yangi sugʻorish tizimi joriy qilinishi natijasida oʻtgan yildagiga nisbatan uch barobar koʻp hosil olish kutilayotgani, foydalanishdan chiqqan 1 million 100 ming gektar yer maydoni qayta foydalanishga kiritilayotgani shunday saʼy-harakatlar samarasidir.

qishloq xoʻjaligi yerlaridan foydalanishni takomillashtirish;

suvdan foydalanish samaradorligini oshirish;

qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash hamda davlat xaridlari tizimini takomillashtirish;

qishloq xoʻjaligining eksport salohiyatini oshirish va qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar hajmini koʻpaytirish;

qishloq xoʻjaligiga xizmat koʻrsatish sohasida raqobat muhitini shakllantirish;

qishloq xoʻjaligida axborot texnologiyalarini keng joriy qilish hamda qishloq xoʻjaligi statistikasini toʻliq raqamlashtirish orqali maʼlumotlar haqqoniyligini taʼminlash;

kadrlar masalasini hal etish, ilm-fanni rivojlantirish.

Albatta, bundan koʻzlangan asosiy maqsad qishloq ahlining turmush sharoitini yanada yaxshilash, manfaatdorligini taʼminlashdir. Qisqacha aytganda, qishloq xoʻjaligida shu paytgacha amal qilib kelgan eskicha ish uslubidan butunlay voz kechish, shunchaki xom ashyo yetishtirish manbaiga aylanib qolgan sohani tubdan isloh etish. Chunki yangicha ishlash uslubiga oʻtish payti, allaqachon, yetib keldi. Joriy yilning 6-sentyabr kuni Prezidentimiz huzurida oʻtkazilgan yigʻilishda ishlab chiqilayotgan qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasi muhokama qilindi. Unda qishloq xoʻjaligi yerlaridan foydalanishni takomillashtirish, suvdan foydalanish samaradorligini yuksaltirish, qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash hamda davlat xaridlari tizimini takomillashtirish, qishloq xoʻjaligining eksport salohiyatini oshirish va qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar hajmini koʻpaytirish, qishloq xoʻjaligiga xizmat koʻrsatish sohasida raqobat muhitini shakllantirish, qishloq xoʻjaligida axborot texnologiyalarini keng joriy qilish hamda tarmoq statistikasini toʻliq raqamlashtirish orqali maʼlumotlar haqqoniyligini taʼminlash, kadrlar masalasini hal etish, ilm-fanni rivojlantirishga xizmat qiluvchi yettita ustuvor yoʻnalish belgilab berildi.

Jamshid XOʻJAYEV, 
Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri:

— Bugungi kunda qishloq xoʻjaligi yalpi ichki mahsulotning 30 foizini tashkil etsa-da, lekin qilayotgan ishlarimiz yetarli emasligi, oldimizda katta potensial borligi namoyon boʻlmoqda. Oxirgi ikki yil ichida biz qishloq xoʻjaligida juda koʻp ishlarga kirishdik. Jumladan, klasterlar, kooperatsiyalar tashkil qilindi. Suvni tejash, yerlarni oʻzlashtirish boʻyicha koʻp tashabbuslarni boshladik.

Endi keyingi oʻn yillikda qishloq xoʻjaligini iqtisodiyotning haqiqiy “drayveri”ga aylantirish uchun tubdan koʻp islohotlarni amalga oshirishimiz kerak. Chunki 30 yilda qishloq xoʻjaligiga deyarli teginilmagan, desak, xato boʻlmaydi. Mahsulotlarimiz, umuman, qishloq xoʻjaligidagi innovatsiyalarimiz boshqa davlatlar bilan haqiqiy raqobatdosh boʻlishi uchun islohotlarni bugundan amalga oshirishimiz kerak.

Prezidentimiz olib borgan yigʻilishni ushbu sohadagi juda muhim yigʻilish, deb aytsak boʻladi. Chunki unda qishloq xoʻjaligi yoʻnalishida oʻn yilda amalga oshiriladigan ishlarni belgilab oldik. Binobarin, qishloq xoʻjaligini faqatgina bitta yoʻnalishda hech qachon isloh qilib boʻlmaydi.

Strategiyaga qisqacha toʻxtalsak, unda, avvalo, yerdan samarali foydalanish nazarda tutilyapti. Solishtiradigan boʻlsak, bizning yerdan oladigan daromadimiz, toʻgʻrisini aytganda, baʼzi davlatlardan besh-olti barobar kam.

Yerdan foydalanuvchi uni haqiqiy oʻziniki, deb hisoblaydimi yoki yoʻq? Strategiyada shu boradagi ishlarni yanada takomillashtirish belgilangan. Vaholonki, tahlillarda bitta fermer yerdan bir, bir yarim yil foydalangan holatlari ham kuzatilgan. Bu nimadan dalolat? Agar yerdan foydalanuvchi uni oʻziniki, deb bilmasa, qandaydir “qoʻrquv” boʻlsa, munosabat ham xuddi shunday boʻladi. Yerga nafaqat qarash, balki mablagʻlarni ham sarflash kerak.

Shu bilan birga, sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllash ham ustuvor vazifalardan biridir. Yaʼni undan foydalanmas ekanmiz, vaqtni ham, mablagʻni ham yoʻqotamiz.

Aktam HAYITOV, 
Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi:

— Bugun Oʻzbekistonda mavjud yer maydonlaridan, suvdan samarali foydalanish masalasi Prezidentimiz tomonidan soha xodimlari, olimlari oldiga qoʻyilayotgan eng dolzarb vazifa etib belgilandi. Sababi yer cheklangan. Ana shu cheklangan yerdan faqatgina mehnat unumdorligini, hosildorlikni oshirish orqali koʻproq daromad olish lozim. Agar rivojlangan mamlakatlar bilan solishtiradigan boʻlsak, yerdan, suv resurslaridan foydalanish darajasi boʻyicha qator tizimli muammolar borligi koʻrinadi. Shuning uchun strategiyada qishloq xoʻjaligida mehnat unumdorligini yuksaltirish, mavjud resurslardan samarali foydalanish, innovatsion texnologiyalarni keng qoʻllashga alohida urgʻu berilgan.

Bugungi kunda mavjud sugʻoriladigan yer maydonlari 3 million 200 gektarni tashkil etadigan boʻlsa, unga sarflanadigan suv juda katta miqdorda isrof qilinishiga olib kelayotgani mutaxassislar tomonidan qayd etilmoqda. Shuning uchun strategiyaning alohida yoʻnalishi suv resurslarini tejashga qaratilgan.

Yana bir muhim yoʻnalish, bu — mavjud yer resurslaridan bir necha marta hosil olish boʻyicha amaliy chora-tadbirlardir. Bu, birinchi navbatda, gʻalla ekkan fermerlarimiz dalasida takroriy ekinlardan qoʻshimcha mahsulot olish. Bu orqali ham ichki, ham tashqi bozorga mahsulot chiqarish imkoniyati kengayadi. Joriy yilda gʻalladan boʻshagan 860 ming gektar maydonga takroriy ekinlar ekildi. Buning natijasida dehqon va fermerlarimizning manfaatdorligi yanada oshish imkoniyati paydo boʻldi.

Endi hammasi shaffof va aniq hisob-kitobli boʻladi

Ochigʻini aytish kerak, bugun yer maydonlarining aniq hisob-kitobi yuritilmagan. Agar surishtirsangiz, kadastrdagi raqam bilan statistikadagi raqam bir-biriga toʻgʻri kelmaydi. Kimdir yillar davomida yoʻl, daryo yoki ariqning masofa maydonini qisqartirish evaziga ekin maydonini kengaytirgan boʻlsa, boshqasi yer oʻlchash jarayonida koʻzboʻyamachilik qilgan. Sababi oʻtgan yillar davomida yagona avtomatlashgan dastur yaratilmagan.

Bundan tashqari, joylarda bitta yer maydonining bir nechta xoʻjalik subyektlariga biriktirib berilishi yoki tuman hokimi xohlagan paytda olib qoʻyishi bilan bogʻliq hollar koʻzga tashlanardi. Bu kabi muammolar yerdan foydalanuvchilarning unga egalik huquqi kafolatlanmaganligini, bu borada korrupsiya avj olganini koʻrsatadi. Mana shunday holatda yer egasi qanday qilib hosildorlikni oshirish, yer unumdorligini koʻtarish haqida bosh qotirishi mumkin?! Shuning uchun 2019-yilda 50 ta tumanda, 2021-yilda esa respublikamizning barcha hududida yerlarni hisobga olish ishlari toʻliq yakuniga yetkazilib, bu borada yagona elektron bazani shakllantirish ishlari jadallashtiriladi.

Bundan tashqari, yer ajratishning shaffof tizimi ishlab chiqilib, yerga boʻlgan huquqlar kafolatlanadi.

Isrofgarchilikning oldini oladigan texnologiya

Qishloq xoʻjaligini suvsiz tasavvur etib boʻlmaydi. Ayniqsa, respublikamiz agrar tarmogʻida obihayotning qadri juda baland. Chunki yurtimizda yetishtiriladigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, asosan, suvli maydonlarga toʻgʻri keladi. Bu esa suvning har qatrasidan oqilona, tejamkorlik bilan foydalanishni taqozo etadi. Biroq amalda buning aksi boʻlmoqda.

Respublikamizdagi mavjud ekin maydonlariga yoʻnaltirilayotgan milliardlab kub metr suvning 
60 foizigina ekinlarga yetib boradi, qolgan 40 foizi esa sugʻorish tizimlari va sugʻorish jarayonida yoʻqotiladi.

Bu ham sohada, allaqachon, umrini oʻtab boʻlgan usullardan foydalanilayotgani, suvga nisbatan bepisand munosabat shakllanganini koʻrsatadi. Joylarda hamon suv koʻllab yotgan dalalar, obihayot isrof boʻlayotgan holatlar mavjud. Vaholonki, suvdan samarali foydalanish koeffitsiyenti Yevropa davlatlarida 80 — 85 foizni tashkil etadi.

Jahon suv resurslari instituti tahlillariga koʻra, 2040-yilga borib, Oʻzbekiston suv oʻta tanqis boʻlgan 33 ta mamlakat qatoriga kirishi mumkin.

Shu jihatdan, mamlakatimiz qishloq xoʻjaligiga sugʻorishning tejamkor usullarini keng qoʻllash asosiy masala hisoblanadi. Zero, tomchilatib sugʻorish usuli bejiz “dunyoni ochlikdan qutqaradigan texnologiya” deb baholanmaydi. Dunyo mamlakatlarida tomchisi tilloga teng obihayotni tejab sarflash choralari koʻrilayotgan bir paytda bizda hamon ekin maydonlarini sugʻorishda suvni hisob-kitobsiz sarflash va katta miqdorda yoʻqotishlar kuzatilayotgani tashvishlanarlidir.

Shu bois kelgusi yildan har yili 200 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilib boriladi.

Ilgʻor, zamon bilan hamnafas fermerlarimiz tomchilatib sugʻorishning afzalligini anglab yetishgan, albatta. Ular nafaqat suvni tejash, balki hosildorlikni oshirish maqsadida ham mazkur usuldan keng foydalanib kelmoqda. Sababi ushbu usul yer unumdorligini yaxshilash, tuproq eroziyasining oldini olishga xizmat qiladi. Eng asosiysi, mamlakatimizda sugʻorishning tejamkor usulini joriy qilayotgan yer egalari uchun bir qator imtiyozlar taqdim etilgan. Demak, faoliyatni yangicha usul asosida tashkil qiladigan dehqon va fermerlar bunday imkoniyatdan foydalansa kam boʻlmaydi.

— Misol uchun, tomchilatib sugʻorishni joriy etmoqchi boʻlgan fermerga har gektari uchun 8 million soʻm miqdorida subsidiya ajratilmoqda, — deydi Toshkent viloyatilik fermer Hamid Gʻoyipov. — Yoki buning uchun bankdan olingan kreditning 10 foizi davlat tomonidan toʻlab berilyapti. Bundan ortiq yana qanday yordam boʻlishi mumkin?! Yangilik yaratmasdan, oʻsha oʻn yil oldingi uslubda ishlashning kelajagi yoʻq. Innovatsion gʻoyalarga intilishimiz zarur. Bugunertani, ertaga indinni oʻylashimiz kerak. Shunda koʻp natijalarga erishamiz.

Maqsad — oʻrganilmagan bozorlarga kirib borish

Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi faol qoʻllab-quvvatlanadigan davlatlar sirasiga kiradi. Bugungi kunda respublikamiz agrar sohasiga davlat tomonidan rivojlangan mamlakatlarga nisbatan 2-3 barobar koʻp mablagʻ ajratilmoqda. Biroq ushbu mablagʻlarni toʻgʻri va maqsadli yoʻnaltirilyapti, deb boʻlmaydi. Shuning uchun ham 2025-yilga borib, davlat tomonidan qishloq xoʻjaligi faqat bozor mexanizmlari asosida tartibga solinadi. Tan olish kerak, mamlakatimiz qishloq xoʻjaligining eksport salohiyatini oshirish va qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar hajmini koʻpaytirish borasida hali ishga solinmagan imkoniyatlar koʻp. Birinchidan, bozorni oʻrganish va bozor topish borasida muammolar bor.

Bugungi kunda rivojlangan davlatlarda, xususan, Turkiyada 1 gektar yerdan 2 ming, Misrda 8 ming, Isroilda 12 ming dollarlik qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarilsa, bizda bu raqam 300 dollardan oshmayapti.

Aslida, mamlakatimizning 20 milliard dollarlik qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksport qilish imkoniyati mavjud. Buning uchun 1 gektar yerda kamida 10 ming dollarlik mahsulot ishlab chiqarilishi zarur.

Eksport uchun qulay bozorlar kam emas. Masalan, dunyo bozorida bodomning yillik import hajmi salkam 3 milliard dollarni, gilos va olchaniki 2 milliard dollarni, pistaniki esa 1,5 milliard dollarnitashkil etadi. Ushbu bozorlar biz kirib boradigan va sifatli mahsulotlarimiz bilan muqim joy egallaydigan katta maydon. Bu orqali 2025-yilgacha eksport hajmini yiliga 2 milliard dollarga yetkazish vazifasi qoʻyilgani shu maqsaddagi muhim qadamdir.

Xalqaro standartlarga mos mahsulot jahon bozoriga chiqishning eng asosiy vositasidir. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarimizning eksportda oqsayotgani shu jihat bilan ham bogʻliq. Shu bois endilikda Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Janubiy Koreya, Turkiya va arab mamlakatlari standartlari asosida mahsulotlarni sertifikatlash tizimini joriy etish choralari koʻriladi. Eksport salohiyatini oshirishda tomorqa xoʻjaliklari boy manba hisoblanadi. Boisi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining 70 foizi tomorqalarda yetishtiriladi.

Hozir Oʻzbekistonda 4,5 million aholining tomorqa yer maydonlari mavjud.

Strategiyadatomorqada yetishtirilgan mahsulotlar logistikasiga, “Bir mahalla — bir mahsulot” tamoyili asosida logistika va kooperatsiya xizmatini joriy etishga alohida eʼtibor qaratilgani diqqatga sazovordir.

Klaster nimasi bilan afzal?

Bugungi kunda respublikamizda faoliyat yuritayotgan 76 ta paxta-toʻqimachilik klasteri ham qishloq xoʻjaligiga tatbiq etilayotgan yangicha yondashuvning amaliy tasdigʻidir. Paxtachilik, bogʻdorchilik va boshqa yoʻnalishlarda tashkil qilingan agroklasterlar har tomonlama afzalligini namoyon etmoqda.

— Qonlikoʻl tumanida sholichilik klasterini tashkil etib, 685 kishining bandligini taʼminlashni rejalashtirganmiz, — deydi uning rahbari Umrbek Oʻrinboyev. — Buning uchun 10 gektar yer maydoni ajratildi. Jalb etiladigan mablagʻ esa 52 milliarddan ortiq. Xitoy, Vyetnam va Rossiyadan sholini qadoqlovchi yangi liniyalar sotib olamiz.

Hozirgi kunda hosildorligimiz gektariga 35 — 40 sentnerni tashkil qilayotgan boʻlsa, klaster tizimini shakllantirgandan soʻng bu koʻrsatkich 70 — 80 sentnerga yetkaziladi. Nimaning evaziga? Albatta, yangi texnologiyalarni, yaʼni sholichilik rivojlangan davlatlar usulini qoʻllash orqali.

Xalqimizda “Mehnat bilan birni olsang, ilm bilan mingni olasan”, degan naql bor. Bu bejiz aytilmagan.Shu maʼnoda, qishloq xoʻjaligida ilmga asoslangan usullarning yaxshi samara berayotgani oʻz isbotini topgan. Misol uchun, gilos boʻyicha asosiy raqobatchilarimiz — Turkiya va Ozarbayjonda eksportga iyul oyidan kirishilsa, biz asosiy hosilni may oyining boshida beradigan gilos navlarini yaratsak, eksportdan olinadigan daromadni ikki barobar oshirishimiz mumkin.

Ochigʻi, shu paytgacha respublikamiz agrar sektorida kadrlar masalasi va ishlab chiqarishga innovatsion yondashuvni tatbiq etish borasida kamchiliklar kuzatilayotgan edi. Sohaga ixtisoslashtirilgan 7 ta oliy taʼlim muassasasidan har yili uch mingdan ziyod bitiruvchilar chiqsa-da, hududlarda kadrlar yetishmovchiligi yaqqol sezilardi. Sababi tizimda ishni tashkil etish, kadrlarni joy-joyiga qoʻyish borasida palapartishlik sezilardi. Fermer xoʻjaliklarida ham sohaga oid bilim va koʻnikmalar yetishmasligi tufayli ekinlarni joylashtirish va yuqori hosil olishda imkoniyatlar boy berilardi. Endilikda bu kabi muammolarning barchasini bosqichma-bosqich hal etish va buning uchun zarur mutaxassislar hamda moliyaviy manbalar bilan taʼminlash choralari belgilab olindi.

Qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasida eng katta eʼtibor bozor mexanizmlariga qaratilgan. Buning zamirida dehqon, fermer ishlagandan keyin yerdan daromad topsin, degan maqsad yotibdi. Shu bilan birga, unda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash ham nazarda tutilgan. Chunki aholi har yili koʻpayib bormoqda. Bu bozorda ehtiyoj ham ortib boryapti, degani. Shunday ekan, paydo boʻlayotgan ehtiyojni qondirishning eng asosiy yoʻllari bu unumdorlik va hosildorlikni oshirishdir.

Zero, xalq, dehqon boy boʻlsa, davlat ham boy boʻladi. Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligini rivojlantirish strategiyasi hayotiy va aniq vazifalarga boy ekanligi, mana shunday ezgu maqsadlarga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?