Oʻzbekistonda qimmatbaho metallardan tayyorlangan tangalar muomalaga chiqarilmoqda

11:07 26 Avgust 2018 Iqtisodiyot
399 0
Illyustrativ foto

Markaziy bank Boshqaruvining qarori (20.08.2018 yilda 3056-son bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan) bilan qimmatbaho metallardan tayyorlangan tangalarni sotish va qaytarib xarid qilib olish tartibi tasdiqlandi. Bu haqda Norma xabar tarqatdi.

Markaziy bank tomonidan yubiley sanalari, shuningdek tarixiy va zamonaviy davrning muhim voqealariga bagʻishlangan qimmatbaho metallardan tayyorlangan tangalar muomalaga chiqariladi.

Ular respublika hududida nominal qiymati boʻyicha qonuniy toʻlov vositasi, shuningdek nominal qiymatidan yuqori baholanuvchi kolleksiya, investitsiya va jamgʻarish obyektlari sifatida muomalada boʻlishi mumkin.

Bunday tangalarni sotish va qaytarib xarid qilib olish MBning hududiy Bosh boshqarmalari va tijorat banklari orqali amalga oshiriladi. MBning rasmiy veb-saytida bunday banklarning manzili haqidagi maʼlumotlar eʼlon qilinib boriladi. Tijorat banklari ushbu operatsiyalarni MB bilan tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiradi.

Tangalar identifikatsiya seriya raqamiga ega boʻlgan asillik sertifikati bilan birga muomalaga chiqariladi.

Qanday qilib “qimmatbaho” tangalar sohibiga aylanish mumkin?

Buning uchun MB saytida koʻrsatilgan banklarga murojaat qilish va quyidagicha haq toʻlash zarur:

jismoniy shaxslar uchun – naqd va naqd pulsiz hisob-kitob shaklida;

yuridik shaxslar uchun – pul mablagʻlarini oʻtkazish yoʻli bilan.

Tangalarning sotish narxi har haftada kamida 1 marta, milliy valyutada belgilanadi va MB saytida eʼlon qilinadi.

Tanganing qiymati qimmatbaho metall bahosidan kelib chiqib belgilanadi. Baholash London qimmatbaho metallar assotsiatsiyasining (LBMA) ertalabki fiksing narxi (belgilangan oltin bahosi) va soʻmning AQSH dollariga nisbatan kursiga muvofiq hisob-kitoblar asosida amalga oshiriladi hamda MB saytida eʼlon qilinadi.

Tangalarni bankka qanday qilib sotish mumkin?

Tangalarni bankka topshirish shaxsni tasdiqlovchi hujjat mavjud boʻlganda amalga oshiriladi, yuridik shaxs vakili esa, bundan tashqari, ishonchnomaga ega boʻlishi shart. Operatsiya dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.

Shundan soʻng tangalar 10 kun davomida asillik darajasini aniqlash maqsadida texnik ekspertiza oʻtkazish uchun Asillik palatasiga yuboriladi. Bunda tangalarning egalaridan ekspertiza uchun toʻlov undirilmaydi.

Asillik palatasi 10 kun davomida ekspertiza oʻtkazib, uning natijalarini MBga taqdim etadi. Soʻngra xuddi shuncha muddat davomida qaytarib xarid qilib olgan bank tangalar egasi bilan hisob-kitob qiladi.

Tangani qaytarib xarid qilib olish narxi topshirilgan kundagi qimmatbaho metall narxidan va ushbu narxga qoʻllaniladigan MB Boshqaruvi tomonidan tasdiqlangan chegirmaga asosan belgilanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?