Oʻzbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining 0,31 foizigina oʻzlashtirilmoqda. Bu borada ishlarni yangi bosqichga koʻtaruvchi qonun qabul qilinadi

12:43 03 May 2019 Jamiyat
395 0

Ekspertlar xulosalariga koʻra, Oʻzbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining salohiyati 51 mlrd tonna neft ekvivalentiga teng boʻlib, texnik imkoniyatlari esa 182,32 mln. tonna neft ekvivalentini tashkil etar ekan. Bu koʻrsatkich mamlakat boʻyicha yiliga qazib olinadigan birlamchi energetika zaxiralarning hozirgi hajmidan uch barobar koʻpdir. Achinarlisi, bugun qayta tiklanuvchi energiya manbalari boʻyicha mamlakatimizdagi mavjud salohiyatning atigi 0,31 foizigina oʻzlashtirilmoqda.

Bu boradagi jahon tajribasiga eʼtibor qaratsak, qayta tiklanuvchi energiya boʻyicha alohida Xalqaro Agentlikning (IRENA) tuzilganligi ham bugungi kunda dunyoning 164 ta davlatida ushbu energetika turini rivojlantirishga qaratilgan maxsus qonunlar yoki milliy maqsadlar qabul qilinganligi va ushbu davlatlar strategiyalarida 2030 yilga borib qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish salmogʻini 50 %gacha yetkazish vazifasi qoʻyilganligini koʻramiz.

“Qayta tiklanuvchi energiya manbalari toʻgʻrisida”gi Qonun bu boradagi ishlarni yangi bosqichga koʻtaradi. Yaʼni, iqtisodiyot tarmoqlarida va ijtimoiy sohalarda energiya samaradorligini hamda yoqilgʻi–energetika balansi diversifikatsiya darajasini oshirish, mamlakat energetika xavfsizligini taʼminlash, shuningdek zararli gazlarining atmosferaga chiqarilishini kamaytirish uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish koʻlamini kengaytirish sohasida davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlarini va majmuaviy chora-tadbirlarini tizimli mustahkamlashga xizmat qiladi.

Bundan tashqari Qonun, ishlab chiqarishning energiya sigʻimini va resurs hajmdorligini qisqartirish bilan bir qatorda, milliy ilmiy-texnikaviy ishlanmalar va sinovdan oʻtgan xalqaro energotejamkor ilgʻor texnologiyalar, tadqiqotlarning mamlakatimiz ishlab chiqarish jarayonlari, energiya tarmoqlari amaliyotga maqsadli joriy etilishi borasidagi ustuvor vazifalarning roʻyobga chiqarilishiga ham zamin yaratadi.

Senatorlarning ushbu qonun yuzasidan savollariga Energetika vazirligi mutasaddisi, Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri va boshqa masʼullar javob berdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?