O‘zbekistonda piyozning 200 turidan iborat kolleksiya yaratish rejalashtirilmoqda 

10:16 28 May 2018 Jamiyat
264 0
Foto: skalpil.ru

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Botanika bog‘i hududidagi 500 kv. m. maydonda mamlakatda o‘suvchi piyozdoshlar oilasining noyob turlarini saqlab qolish va alohida turlarni introduksiya sharoitida o‘rganish uchun uchun O‘zbek-xitoy piyoz bog‘i tashkil etildi. 

Gazeta.uzning yozishicha, Botanika instituti va Botanika bog‘i Kunmindagi Botanika instituti (Xitoy) bilan 2016 yildan buyon yovvoyi holda o‘suvchi piyozlar kolleksiyasini tashkil etish ustida ish olib bormoqda. 
Botanika instituti direktori akademik Komiljon Tojiboyevning ta’kidlashicha, kolleksiyadan nafaqat O‘zbekiston florasi, balki ilm-fan uchun yangi bo‘lgan turlar ham mavjud bo‘lib, ularning biologik va ekologik o‘ziga xosliklari batafsil o‘rganiladi.

Hozirda bog‘ uchastkalarida O‘rta Osiyo, Eron, O‘rta yer dengizi va Turkiyaning tog‘, tog‘ oldi va cho‘l hududlarida o‘suvchi 100 dan ortiq piyoz turi parvarish qilinmoqda. Tez orada Qozog‘iston, Oltoy, Turkmaniston, Tojikiston va Sharqiy Osiyo hududlarida o‘suvchi navlarni ham yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi.

“Botanika bog‘i tarixida piyozli o‘simliklarning noyob kolleksiyasi bor edi. O‘tgan yuz yillikning 50-60-yillarida ushbu bog‘da O‘rta Osiyo piyozining 50 dan orti turi introduksiya qilindi. Afsuski, ushbu kolleksiya yo‘qotildi. Hozirda Xitoy Fanlar akademiyasidagi hamkasblarimiz bilan piyozdoshlar oilasining eng kamida 200 turidan iborat kolleksiyani yaratishni rejalashtirmoqdamiz”, - deydi Komiljon Tojiboyev. 

Piyoz bog‘i yovvoyi piyozlarni saqlab qolishga qaratilgan ta’limiy dastur maskaniga aylanishi kutilmoqda. Bog‘ ilmiy xodimlarining Xitoy hududlariga ilmiy ekspeditsiyalarini tashkil etish rejalashtirilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?