O‘zbekistonda pensiya yoshini 63 yoshgacha oshirish nazarda tutilmoqda

19:30 28 May 2018 Iqtisodiyot
1099 0

Pensiya ta’minoti tizimi mehnatga layoqatsiz va kam ta’minlangan fuqarolarning turmush darajasini ta’minlashga va qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan iqtisodiy, huquqiy, ijtimoiy va tashkiliy xarakterga ega bo‘lgan qator chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirilishini nazarda tutadi. Ushbu tizim 3,3 mln.dan ortiq fuqarolarni o‘z ichiga olib, mamlakat aholisining taxminan 10 foizini qamrab oladi.

O‘zbekiston Respublikasida davlat pensiya ta’minoti tizimini takomillashtirishga doir muayyan ishlar amalga oshirilgan bo‘lib, umumqabul qilingan pensiya sug‘urtasi tamoyilini joriy etish bilan bog‘liq tizim modernizatsiyasi amalga oshirilgan.

Biroq, shu bilan birga, hanuzgacha munosib pensiya miqdorlariga erishishning aniq me’yorlari joriy etilmasdan qolmoqda.

Fuqarolarning ijtimoiy sug‘urtalash tizimidagi uzluksiz ishtirokini rag‘batlantirishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, pensionerlarning moddiy ta’minlanganlik darajasini oshirish, shuningdek, barqaror pensiya tizimiga erishish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining rasmiy veb-saytida joriy yilning 28 aprel kuni fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish bo‘yicha ishlab chiqilgan Konsepsiya loyihasi umumhalq muhokamasiga taqdim etildi.

Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan Konsepsiya loyihasini muhokama qilish maqsadida joriy yilning 25 may kuni Oliy Majlis Senatining byudjet va iqtisodiy islohotlar Qo‘mitasi, Qonunchilik palatasi vakillari, vazirlik va idoralar, ilmiy-tadqiqot institutlari hamda BMT Rivojlanish dasturi, Jahon banki va YuNISEF mutaxassislari ishtirokida seminar o‘tkazildi.

Seminarda vazirlik va idoralar hamda keng jamoatchilikdan pensiya islohotlarini amalga oshirish bo‘yicha qabul qilingan dastlabki tavsiyalar tahlil qilindi va muhokamasi o‘tkazildi.

Normativ-huquqiy bazani takomillashtirish masalasi, xususan, “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonuning yangi tahrirda ishlab chiqilishi batafsil muhokama qilindi. Bu borada, qonunni chet el tajribasini o‘rganish hamda mamlakatimizning demografik va ijtimoiy-iqtisodiy jihatlarini inobatga olgan holda ishlab chiqish to‘g‘risida fikrlar bildirildi.

Shu bilan birga, qonunning normalarida fuqarolarning pensiya miqdorlari ularning mehnat stajlari davomiyligi va ish haqiga bog‘liq bo‘lishi hamda ijtimoiy sug‘urta tizimiga faol qatnashishlarini rag‘batlantiruvchi mexanizmlarini joriy etilishi zarurligi qayd etildi.

Mutaxassis va ekspertlar ta’kidlashicha, Konsepsiyada ijtimoiy adolatlilikni qaror toptirish jihatlari inobatga olinib, ishlovchi pensionerlarga to‘liq pensiyalarini to‘lash, pensiya tayanch miqdorini hisoblashda amaldagi hisobga olinadigan chegaraviy eng kam oylik ish haqqining 8 barobarini 12 barobarigacha oshirish kabi takliflarni o‘z ichiga qamrab olgan. 

Shuningdek, taklif etilayotgan islohotlarning ijtimoiy ahamiyatga ega ekanligini inobatga olib, seminar ishtirokchilari, shu jumladan halqaro moliya institutlari ekspertlari, yangi taklif etilayotgan normalarni bosqichma-bosqich amalga oshirilishi zarurligi to‘g‘risida fikr bildirishdi. Xususan, dastlabki bosqichda talab etiladigan minimal ish stajini bosqichma-bosqich har yili, 2019 yildan boshlab 10 yilgacha oshirishi, pensiya yoshini esa 2022 yildan boshlab har yili 6 oyga, ayollar uchun 58 yoshgacha va erkaklar uchun 63 yoshgacha oshirib borish tavsiya etildi.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?